Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Inson huquqlari himoyasi borasida muhim qadamlar


Ayni dam Samarqand shahrida hamkor tashkilotlar – Inson huquqlari bo’yicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalar koordinatori bilan hamkorlikda “Milliy ozchiliklarning ijtimoiy va iqtisodiy xayotda samarali ishtiroki boʻyicha tavsiyalar” mavzusida xalqaro davra suhbati oʻtkazilmoqda. Anjumanni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akmal Saidov kirish soʻzi bilan ochib berdi.


 

Darhaqiqat, BMT tomonidan 2001-yili qabul qilingan Durban Deklaratsiyasida qayd etiladiki, “milliy ozchilikning etnik, madaniy, til va  diniy oʻziga xosligi, ular qayerda yashasa, aynan shu joylarda himoya qilingan boʻlishi shart va shunday ozchilikka mansub boʻlgan shaxslarga  asosiy inson huquqlari va erkinliklaridan ular ham teng huquqli ravishda foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgan holda ular bilan aynan shu jihatda muomalada boʻlib, ularni kamsitmaslik lozim”. Yangi Oʻzbekistonda mamlakatning yangilangan Asosiy qonuni – Konstitutsiya va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida ilgari surilgan normativ-huquqiy tusdagi gʻoyalar xususida soʻz yuritdi.

 

Xalqaro davra suhbatida Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yu.f.d. M.Turgʻunov “Milliy ozchilik guruhlarini huquqiy himoyalash asoslari” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruzada asosiy eʼtibor milliy ozchilik tushunchasi, milliy ozchilikning obyektiv va subyektiv omillari, milliy ozchiliklarning kamsitilishidan himoya qiluvchi xalqaro standartlar, xususan, Barcha mehnatkash-migrantlarning va ularni oila aʼzolariga oid  huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi xalqaro Konvensiya, Apatridlarning maqomi toʻgʻrisidagi Konvensiya,Qochoqlarning maqomi toʻgʻrisidagi Konvensiya va Mamlakatda yashab, uning fuqarolari boʻlmagan shaxslarga oid inson huquqlari Deklaratsiyasiga qaratildi.

Milliy ozchiliklar toʻgʻrisidagi BMT Deklaratsiyasining 1-moddasida qayd etiladiki, milliy ozchiliklar bu milliy yoki etnik, madaniy, diniy va oʻziga xos tili boʻyicha birligi mavjud boʻlgan odamlar jamoasi boʻlib, davlatlar ularning hayotiy faoliyatini himoyalashi shart.

Shu maʼnoda anjuman ishtirokchilari tomonidan mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan tashkiliy-huquqiy jarayonlar va amaliy ishlar yuksak eʼtirof etildi.

Anjuman ishi davom etmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!