Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi: hamkorlik istiqbollari


O’zR FA Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan 2018-yildan boshlab, bentonit gillaridan qishloq xo‘jaligida foydalanishning innovasion usullari ishlab chiqilib, g‘allachilikda, paxtada va sabzavot ekinlarida keng qo‘llanib kelinmoqda. Bunda olimlarimiz bug‘doy urug‘larini va paxta chigitini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekilishi hisobiga, o‘simliklarning suvga bo‘lgan talabi, tuproqdagi namlikni bentonit gillarining sorbentlik xususiyati natijasida o‘ziga jamlashi hisobiga qoniqtirilishi oqibatida "stress"siz ko‘karib chiqishi, niholning baquvvat bo‘lib o‘sishi hamda hosildorlikning 10-15% oshishini respublikamizning turli viloyatlari ekin maydonlarida o‘tkazilgan tajriba-sinovlari bilan isbotladilar.

 

Bundan tashqari, Navoiy bo‘limi olimlari yana bir innovasion usul sifatida ekinlarni bargidan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishda bentonit gillarining 2%lik suspenziyasidan foydalanish ham hosildorlikning 15-20% oshishini tajriba-sinovlarda isbotladilar.

Bunda, bentonit suspenziyasidan tayyorlangan suyuqlikning barg ustida hosil qiladigan yupqa qobiq o‘simlikdagi mikrokapillyarlardan suv zarrachalarining parlanishiga to‘sqinlik qilishi, o‘g‘itning maksimal o‘zlashtirilishiga hamda o‘simlikning suvga bo‘lgan talabini kunduzi va kechasi o‘rtasidagi temperatura tafovuti hisobidan hosil bo‘ladigan shudring ko‘rinishidagi atmosferadagi suv zarrachalarining bentonit orqali bargga singdirilishiga imkon berishi hisobiga samarali ekanligi kuzatildi.

Navoiy bo‘limi olimlarining ushbu innovasion usullarini qishloq xo‘jaligida keng qo‘llash yuqori iqtisodiy samaralar berishi bilan ahamiyatlidir.

“Agro-parvoz” ko‘p tarmoqli aviasiya ishlab chiqarish korxonasi o‘rtasidagi samarali hamkorlik FA Navoiy bo‘limi olimlarining ushbu innovasion usullarini qishloq xo‘jaligida yanada keng qo‘llashga imkon beradi.

Bunda, cho‘l-yaylov ozuqa o‘simliklari plantasiyalarini tashkil etishda, saksaul, cho‘g‘on, izen va boshqa cho‘l iqlimiga moslashgan o‘simliklar urug‘larini bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekishni hamkorlikda tashkillashtirish rejalashtirilmoqda.

Navoiy bo‘limi va "Agro-parvoz" ko‘p tarmoqli aviasiya ishlab chiqarish korxonasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni geologiya va konchilik ishlarida ham samarali tashkil etish mumkin.

FA Navoiy bo‘limi olimlarining "Agro-parvoz" ko‘p tarmoqli aviasiya ishlab chiqarish korxonasi bilan ushbu hamkorligi ilm-fan va ishlab chiqarishning faol integratsiyasini tashkil etishga va qishloq xo‘jaligiga innovasion texnologiyalarni olib kirishga yo‘naltirilgan yana bir dadil qadamdir.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!