O‘zR FA Botanika instituti O‘simliklar muhofazasi va ekologiyasi laboratoriyasi olimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy hududlari kesimida o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat kadastrini yaratishga qaratilgan uzviy tadqiqotlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent viloyati florasining kadastr xatlovi amalga oshirildi. Umumiy hisobda Samarqand (2018), Qashqadaryo (2018), Navoiy (2019), Jizzax (2019) va Buxoro (2020) viloyatlaridan keyin oltinchi ma’muriy hudud florasi to‘liq inventarizatsiya qilindi. Kadastr xatlovi o‘tkazilgan viloyatlar orasida eng kichik hudud bo‘lishiga qaramay, Toshkent viloyati eng boy tabiiy o‘simliklar xilma-xilligiga ega ekanligi bilan ajralib turadi.
Tadqiqotlar natijasida Toshkent viloyatida 2366 turdagi o‘simliklar borligi aniqlandi. Bu Markaziy Osiyodagi barcha o‘simliklarning 25% ini tashkil qiladi. Ular 105 ta oila va 664 ta turkumga mansubdir. Shuningdek, bu hududda 209 tur chetdan kirib kelgan, 71 tur O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob o‘simlik va 6 ta xalqaro muhofaza ostiga olingan o‘simlik turlari borligi aniqlandi.
Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar doirasida muhim ilmiy natijalar olindi, jumladan, Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi, Ugom-Chotqol milliy bog‘i, Ugom-Chotqol biosfera rezervati va Dalvarzin davlat o‘rmon-ovchilik xo‘jaligi hududlarining florasi to‘liq inventarizatsiya qilindi.
Laboratoriya olimlari tomonidan fan uchun 3 ta yangi tur – Qurama burmaqorasi, Pskem burmaqorasi va Tojibayev parriyasi kashf etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston florasi uchun 17 ta yangi tur qayd etildi. Bundan tashqari, G‘arbiy Tiyonshonning O‘zbekiston qismi uchun 5 ta yangi tur aniqlangan.
Tojibayev parriyasi
Tadqiqotlar natijasida Toshkent viloyati florasining raqamli ma’lumotlar bazasi yaratilib, xalqaro bioxilma-xillikni raqamli hujjatlashtirish platformalariga integratsiyasi amalga oshirildi.
Tadqiqotchilar tomonidan 20 yillik davr mobaynida dorivor o‘simliklarning kamayish dinamikasi tahlil qilinib, ularning resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha ilmiy takliflar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, birinchi marta Toshkent viloyati hududida dorivor o‘simliklarning tarqalish hududining topografik tahlili amalga oshirildi.
Mazkur tadqiqot natijalari O‘zbekiston tabiiy o’simliklar xilma-xilligini ilmiy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi.