Halqasimon Quyosh tutilishi Quyosh yuzasining markazi Oy tomonidan to’silganida soya atrofida inhgichka yorug’ halqa hosil bo’lishidir. Quyosh tutilishining halqasimon bo’lishi Oy va Yer orasidagi masofaning odatdagiga nisbatan kattaroq bo’lishi bilan izohlanadi. Oy Yerga qanchalik yaqin paytda tutilish bo’lsa Quyoshning shunchalik katta qismi to’siladi.
Ushbu halqasimon Quyosh tutilishini Saudiya arabistoni, Hindistonning janubiy hududlari va Indoneziya davlatlarining aholisi to’liq kuzatish imkoniyatiga ega bo’ladi. Tutilishning to’liq fazasida Oy va Quyosh yuzalarining nisbati 0.960 tashkil qiladi, ya’ni Quyosh yuzasining 96 foizi Oy tomonidan to’siladi.
2017-yil 26-fevralda kuzatilgan halqasimon Quyosh tutilishining to’liq fazasi, Tokio, Yaponiya
Halqasimon Quyosh tutilishining to’liq fazasini kuzatish mumkin bo’lgan hududlar dunyo xaritasida
Sharqiy Yevropa, O’rta Osiyo, Malay arxipelagi va Avstraliyaning Shimoli-g’arbiy hududlari aholisi qisman Quyosh tutilishini kuzatish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Ushbu Quyosh tutilishi 2019-yil 26-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan 08:00 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 09:00 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 38% ini to’sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 10.1° yoy gradusni tashkil qiladi. Toshkent shahrida Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 2 soatu 6 daqiqani tashkil etadi. Ushbu qiymatlar faqat Toshkent shahri uchun hisoblangan.
Respublikamizning eng janubiy hududi Termiz shahrida Quyosh tutilishi 07:50 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 08:54 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 48% ini to’sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 10.8 yoy gradusni tashkil qiladi. Termiz shahrida Quyosh tutilishi 10:06 da yakunlanadi va tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat-u 16 daqiqani tashkil etadi.
Respublikamizning garbiy hududi Nukus shahrida Quyosh tutilishi 07:55 da boshlanadi, lekin Quyosh 08:31 daqiqa o’tganda gorizontdan ko’tariladi, ya’ni tong otadi. Quyosh tutilishning maksimum fazasi esa 08:54 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh diametrining 45% ini to’sadi va Quyoshning gorizontdan balandligi 2.8 yoy gradusni tashkil qiladi. Nukus shahrida Quyosh tutilishi 09:59 da yakunlanadi va tutilishining umumiy davomiyligi 2 soat-u 3 daqiqani tashkil etadi.
Shu o’rinda ayrim ko’rsatmalar va maslahatlar berib o’tamiz. Quyosh tutilishini maxsus Quyosh nurini yutuvchi qora ko’zoynak, qoramtir tekis shisha yoki payvandlash (сварочная) maskasi yordamida kuzatish mumkin.
Optik qurilmalar - durbin yoki teleskopdan foydalanib zinhor Quyoshga qaramang! Bu ko’zga zarar yetkazadi. Qurilmalardan foydalanishdan avval ularga albatta maxsus Quyosh filtrlarini o’rnatish kerak.
Azizbek Matekov,
O’zR FA Astronomiya instituti
kichik ilmiy xodimi.