“Oʼzbekiston” telekanali “Obyektiv nigohida” koʼrsatuvining 2020-yil 1-dekabr kuni sonida Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida mavjud ayrim muammolar haqida soʼz yuritildi. Unda xususan, olimlar va ilmiy jamoaga zarur shart-sharoitlar yaratilmagani, laboratoriyalar jihozlarining eskirgani, binolarning yaroqsiz holga kelgani kabi masalalar koʼrsatildi va muassasaning ayrim xodimlari bu haqda fikr bildirishdi.
Taʼkidlash lozimki, ko’rsatuvda ishtirok etgan mutaxassis-olimlar bungacha turli OАVda shu haqdagi fikrlari bilan chiqish qilishgan. Ularning aksariyati yuzasidan Fanlar akademiyasi tomonidan munosabat qilingan va OАV da tushuntirish berilgan. (http://academy.uz/uz/news/kechirasiz-bu-ilmiy-tadqiqot-institutimi-yoki-tashlandiq-bino-maqolasiga-munosabat, http://academy.uz/uz/news/yosh-olimlar-nimadan-norozi-maqolasida-keltirilgan-vajlar-asoslimi ).
Shuni qayd etish kerakki, mazkur koʼrsatuvda koʼtarilgan muammolar bir kunda paydo boʼlmagan. Yillar davomida Institut sobiq va bugungi rahbariyati tomonidan eʼtibor berilmay yoki sovuqqonlik bilan qarash natijasida yoki tizimli moliyaviy muammolar tufayli vujudga kelgan. Xususan, koʼrsatuvda chiqish qilgan olim-mutaxassis S. Boboyev mazkur Institutni 2016-2017-yillarda boshqargan.
Yuqoridagi koʼrsatuvda keltirilgan holatlarni oʼrganish boʼyicha Fanlar akademiyasining Maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Hozirda maxsus ishchi guruh xulosasi Fanlar akademiyasi Prezidiumiga kiritildi. Institut jamoasi u bilan tanishmasdan turib, bu kabi tanqidiy chiqishlarni nooʼrin, deb hisoblaymiz.
Koʼrsatuvda aytib oʼtilgan masalalar boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
OʼzR FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti qishloq xoʼjaligi sohasida ilmiy izlanishlar olib boradigan yagona tashkilot emas, FА tizimidagi Genomika va bioinformatika markazi, Oʼsimlik moddalari kimyosi instituti, Bioorganik kimyo instituti, Mikrobiologiya institutlarida ham qishloq xoʼjaligi borasida ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ-3365-sonli “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Qaroriga muvofiq Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi institutini 2021-yilda kapital taʼmirlashga 5 304 500 000 ming soʼm (besh milliard uch yuz turt million besh yuz ming), ilmiy va laboratoriya uskunalari bilan jihozlash uchun 438 600 (toʼrt yuz oʼttiz sakkiz ming olti yuz) АQSh dollari va zarur butlovchi buyumlar, sarflash materiallari va reaktivlar bilan taʼminlash uchun 8 320 (sakkiz ming uch yuz yigirma) АQSh dollari ajratilishi koʼzda tutilgan. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan asbob-uskunalarni harid qilish uchun ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi rahbarining 2019-yil 21-sentyabr kungi Toshkent viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va viloyat faollari bilan oʼtkazilgan majlis bayoniga binoan bir nechta tashkilotlar, shu jumladan, OʼzR FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi institutining 30,2 gektar yer maydonlari Toshkent viloyati gʼalla klaster tizimini rivojlantirish maqsadida tuman hokimligi zaxirasiga oʼtkazilgan.
Bundan tashqari, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2018-yilning 6-aprel kuni Fanlar akademiyasining Oʼsimlik moddalari kimyosi institutida ilm-fan namoyondalari bilan oʼtkazilgan uchrashuvida “Respublika ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining samarali ilmiy faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj boʼlgan olimlari hamda istiqbolli yosh izlanuvchilarini imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joy bilan taʼminlash boʼyicha chora-tadbirlar” rejasini ishlab chiqish boʼyicha topshiriq berilgan edi. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va Respublika Bosh vaziri А. Аripov tomonidan 2018-yil 14-iyunda tasdiqlandi. Chora-tadbirlar rejasi – “Fanlar akademiyasining Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti balansidagi (Toshkent viloyati, Qibray tumani) hududda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va Boshqaruv apparati xodimlari uchun 1 ta koʼp qavatli turar-joy binosi qurilishi uchun hamda har bir Institut uchun bittadan, Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti uchun ikkita va Boshqaruv apparati xodimlari uchun beshta, jami 30 ta namunali loyiha asosidagi uylarni qurish uchun Qibray tumani hokimining 2019-yil 5-fevraldagi qaroriga muvofiq yer maydoni ajratilib, barcha tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilgan. Ushbu uylar tashlandiq holga kelgan bogʼ hamda avariya holatidagi eski binolar oʼrniga qurilmoqda.
Shuningdek, Zangiota ilmiy-tajriba bazasida boʼlgan qishloq xoʼjaligi ekinlariga dori sepishda ishlatiladigan uskuna (OVX) hamda seyalka Institut direktorining FА rahbariyatiga kiritgan bildirgisi asosida hisobdan chiqarishga ruxsat berilgan.
Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan qoʼshma laboratoriya tashkil etish taklifi bildirilgan, biroq tashkiliy jarayonlar Institut tomonidan yakuniga yetkazilmagan.
Mazkur koʼrsatuvda “Yuqori yuz” MFY tomonidan Institut binolarida uy-joyga muhtoj fuqarolarga gʼamxoʼrlik sifatida yashashga “ruxsat berganligi” va ularning buzilishi mumkin boʼlgan binolardan koʼchirilishi albatta tahsinga loyiq. Biroq boʼlib oʼtgan voqealar atroflicha oʼrganilmagan.
Koʼrsatuv ijodkorlari tomonidan real holat, voqealar, tegishli hujjatlar oʼrganilmagan. Koʼrsatuvda keltirilgan koʼplab holatlar yuzasidan Fanlar akademiyasi tegishli maʼlumotlarni ommaga bir necha marta taqdim qilgan. Murojaat asosida borgan jurnalist mutassaddi tashkilotlar bilan ham bogʼlanib, masalani chuqurroq oʼrganishi, mahalla raisi bilan bir qatorda albatta Institut rahbariyati bilan ham uchrashishi, suhbatlashishi kerak edi. Bu koʼrsatuvga bir tomonlama yondoshilganligini yaqqol koʼrsatib turibdi.
Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasining “Jurnalistik faoliyatini himoya qilish toʼgʼrisida”gi Qonunining 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari keltirilgan boʼlib, unda oʼz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʼida jurnalist oʼzi tayyorlayotgan materiallarining toʼgʼri yoki notoʼgʼri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishi shart ekani belgilab qoʼyilgan.