2024-yil 3-4-oktyabr kunlari Fanlar akademiyasi U.A.Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida “Fizik elektronika” (IPEC-9) mavzusida navbatdagi IX-xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Anjuman OʻzR FA, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi va U.A. Arifov nomidagi Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda Xitoy, AQSH, Rossiya, Belorussiya, Pokiston, Norvegiya kabi mamlakatlarning universitetlari va yetakchi ilmiy markazlari olimlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari hamda Oliy oʻquv yurtlari, shu jumladan IIPvaLTI, Yadro fizikasi instituti, Xalqaro quyosh energetikasi instituti, Fizika-texnika instituti, OʻzMU, ToshDTU, SamDU, NamDU, KarDU va UrgDU mutaxassislari va yosh olimlari faol ishtirok etishdi.
Anjumanda qoʻyidagi yoʻnalishlar boʻyicha offlayn va onlayn shaklda 32 ta ogʻzaki va 101 poster maʼruzalar tinglandi va muhokama qilindi: atom va molekularni qattiq jism sirti bilan oʻzaro taʼsiri: adsorbsiyaning fundamental muammolari, elektron va ionlar emissiyasi; fizik elektronika (usul va qurilmalar); ion-nurli va plazmali texnologiyalar, materiallarni olish va modifikatsiyasi; elektronika va quyosh energetikasi uchun yangi texnologiyalar va materiallar; fotonika; nanomateriallar fizikasi va texnologiyasi.
Anjumanda taqdim etilgan ishlar tahlili shuni koʻrsatdiki, adsorbsiya, elektron va ionlar emissiyasi, zarrachalarning qattiq jism yuzasi bilan oʻzaro taʼsiri muammolari boʻyicha olingan natijalarni qattiq jism yuzasi bilan koʻp atomli zarrachalarning oʻzaro taʼsirining umumiy nazariyasini yaratish, shuningdek, sirtdan chiqayotgan zarrachalarning zaryad va qoʻzgʻalish holatlarini hosil qilish jarayonlarini tushunish uchun qoʻllash mumkinligi taʼkidlandi.
Materiallarni ishlab chiqarish va modifikatsiyalash, konstruktiv va yarimoʻtkazgich materiallarni ishlab chiqarish va qayta ishlash boʻyicha ion-nur va plazma texnologiyalarining yangi yutuqlari, shuningdek, ikkilamchi emissiya va optik spektroskopiya yordamida qattiq jismlar yuzasini oʻrganish natijalari muhokama qilindi. Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim muammolari – quyosh energetikasi va elektronika uchun yangi materiallar olish texnologiyalari bilan bogʻliq yangi texnologiyalar va quyosh energiyasi va elektronika materiallari boʻyicha ishlar namoyish etildi. Bu borada yangi materiallar samaradorligini oshirishga koʻproq eʼtibor qaratish va arzonroq texnologiya va materiallarni ishlab chiqish, shuningdek, organik quyosh materiallarini ishlab chiqarish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Bugungi kunda fizikaning dolzarb sohalaridan biri - nanomateriallar fizikasi va texnologiyasidir. Bu yoʻnalishda nanomateriallar ishlab chiqarishning bugungi holati, yangi texnologiyalar va nanomateriallar fizikasini rivojlantirish, shuningdek, uglerod nanonaychalari sintezini kompyuterda modellashtirish va ularning fizik-kimyoviy xususiyatlarini aniqlash masalalari keng muhokama qilindi. Shunga qaramay, nanomateriallarning xossalarini oʻrganish, yangi, sodda texnologiyalar va sintez usullarini ishlab chiqishga koʻproq eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Anjuman doirasida Xitoy, Rossiya shuningdek Oʻzbekistonlik olimlar uchun Institut laboratoriyalariga tashrif uyushtirilib, institut olimlarining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan yaqindan tanishishga, olinayotgan ilmiy natijalarni va yaratilayotgan ishlanmalarni muhokama qilishga imkoniyat yaratib berildi. Natijada xorijlik va institut olimlari oʻrtasida yangi ilmiy hamkorliklar oʻrnatilishga va ularni rivojlantirishga zamin yaratadi.