Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Fanlar akademiyasining Rasmiy munosabati






Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutidagi ta’mirlash jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Jurnalist va blogerlardan turli axborotlarni tarqatishdan avval Materialshunoslik institutining mukammal ta’mirlash loyihasi bilan yaqindan tanishib chiqishlarini so‘ragan bo‘lar edik!

 

“Katta Quyosh qurilmasi” noyob ilmiy obyekti (Obyekt) 1987-yilda ishga tushirilgan. 1993-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti (Institut) tarkibiga kiritilgan. Obyekt oʻz ichiga 62 ta nur qaytaruvchi yuzali geliostalar, nur mujassamlovchi yuzali konsentrator va texnologik minorani oladi. Hududda institutning maʼmuriy va ilmiy laboratoriyalari binosi joylashgan.

Oʻtgan 37 yil davomida Obyekt va institut binosida mukammal taʼmirlash ishlari oʻtkazilmagan. Natijada, obyektning nur qaytaruvchi va nur mujassamlovchi yuzalarining samaradorligi 40%gacha pasaygan, konsentrator va texnologik minoraning liftlari ishdan chiqqan, suv bilan sovutish tizimining temir quvurlari chirigan, geliostatlarni avtomatik boshqarish tizimi eskirgan. Institut binosining tunika bilan qoplangan tom qismi chirishi oqibatida qor va yomgʻir suvlari laboratoriyalar xonalariga zarar yetkazgan, binoning suv, issiqlik taʼminoti va kanalizatsiya temir quvurlari vaqt oʻtishi natijasida korroziyalanib ishdan chiqqan.

Institut binosining alyuminiydan yasalgan eshik va romlari deformatsiyalangan, oynalarni tutib turuvchi rezinalar 37 yil davomida yaroqsiz holga kelganligi sababli issiq va sovuq havoni tutib turish qobiliyati yoʻqolgan. Yuzaga keladigan yelvizaklar sababli binoni isitish imkoni boʻlmagan.

Yuqoridagilarni eʼtiborga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yilning 19-martidagi “Fizika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5032-son Qarori bilan “Katta Quyosh qurilmasi” noyob ilmiy obyektini mukammal taʼmirlash, optik, mexanika va avtomatik boshqaruv tizimlarini modernizatsiyalash ishlari tasdiqlangan.

2022-yil davomida Institut binosinig “V” laboratoriyalar boʻlimi mukammal taʼmirlangan. 2023-yil davomida, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti tomonidan tayyorlangan asoslovchi hujjatlarga binoan mukammal taʼmirlashga davlat byudjeti hisobidan mablagʻ ajratilgan. Bunda institut binosining oziga hos konstruksiyasi va ilmiy obyektlari asliyaticha  to‘liq saqlanib qolishi ko‘zda tutigan.

 

Mukammal taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining tegishli ilmiy-texnik xulosasi olingan. Xulosaga koʻra, binoning “A” va “B” bloklarini mukammal taʼmirlash lozimligi koʻrsatilgan. Binoga kirish qismidagi va binolardagi alyuminiydan yasalgan eshik va romlar 50% darajada zararlanganligi va foydalanishga yaroqsizligi koʻrsatilgan.

Institut foyelarida joylashgan, shishadan yasalib, ularga rang berish maqsadida baʼzi kimyoviy elementlar (asosan sirkon oksidi) kiritilib yasalgan “Quyoshga madhiya”, “Oy”, “Planetalar paradi” va konferensiyalar zalidagi “Sut yoʻli” kompozitsiyalari mukammal taʼmirlash ishlari rejasiga kiritilmagan.  “Quyoshga madhiya”, “Oy”, “Planetalar paradi” kompozitsiyalarining elektr taʼminoti bino tomidan suv oʻtishi natijasidagi qisqa tutashuv tufayli ishdan chiqqan. Institut tomonidan kompozitsiyalarining jilosi va jozibadorligini tiklash maqsadida elektr taʼminotini tiklash va elektr chiroqlarini almashtirish ishlari olib boriladi. Kompozitsiyalar elementlari kir va changdan tozalanadi.

Bino fasadi avval och sariq rangda boʻlib, hech qanday dizaynerlik yoki arxitektorlik yechimiga ega boʻlmagan. Bino fasadi quyosh nurlarini qaytarishi hisobiga geliostatlarning nur qaytaruvchi oynalarini (12 000 dona) konsentratorga rostlash (yustirovka) jarayonida noqulayliklar tugʻdirgan. Bundan tashqari chang va tez kirlanganligi uchun fasad rangli toʻq ranglarga oʻzgartirilgan.

Ichki hovli fasadining yuzasidagi quyoshdan himoyalovchi temir va 6 mm.li qalinlikdagi oynali konstruksiya korroziyalanib, oʻz ogʻirligini koʻtara olmay koʻchib tushgan. 2020-yilga kelib konstruksiyaning 35% qolgan, lekin ularning ham temir konstuksiyasi korroziyalangan, himoya oynalari esa deformatsiya tufayli singan va darz ketgan, yuzalarida tozalab boʻlmas dogʻlar paydo boʻlgan. Xodimlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida demontaj qilingan.

Mukammal taʼmirlash ishlari yakunlanganidan soʻng institutda Xitoyning Shanghai Daedun Science and Technology Ltd. kompaniyasi bilan faollashtirilgan nanokukunlar ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma ilmiy korxona tashkil etiladi. Xitoy Fanlar akademiyasining Optika va aniq mexanika instituti bilan “Vodorod energetikasi texnologiyalari va materiallari” qoʻshma laboratoriyasi tashkil etiladi, Drezden texnika universiteti (Germarniya) bilan hamkorlikda yashil va bioasosli karbon tolalarini ishlab chiqarish pilot loyihasi ishga tushadi. AQSHning Texasdagi Dallas universiteti bilan uglerod nanotublarini olish boʻyicha tadqiqotlar boshlanadi. Koreya Sanoat Texnologiyalari instituti (KITECH) bilan texnogen chiqindilardan mis va nodir metallarni ajratish texnologiyalari boʻyicha hamkorlik amalga oshiriladi.  Yaʼni, Katta Quyosh qurilmasi” noyob ilmiy obyekti xalqaro ilmiy xabga aylanadi. Xitoyning xalqaro xamkorlik agentligi va SHHT texnologiyalar transferi markazi bilan hamkorlikda “Yashil texnologiyalar vodiysi”ni tashkil etish tashabbusi muhokama etilmoqda. Ta’mirlashdan asosiy maqsad olimlar faoliyati uchun zarur sharoitlar va ilm-fanda yangi loyihalar zamini uchun imkon yaratishdir!

So‘nggi yillarda ilm-fanga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib,  byudjetidan alohida mablag‘lar ajratilishi bejiz emas! Zotan bugun ilm ahliga zamonaviy laboratoriya va asbob uskunlar yaratib berilmas ekan, olimlarimiz ham tadqiqotlarida muhim natijalarga erisha olmaydi. Ilm-fan rivojlanmasa mamlakatda biror bir soha, tarmoq, yo‘nlish rivojlanmaydi! Abu Homid G‘azzoliy aytganidek “Ilmga barcha narsangni bermaguningcha, u senga hech narsa bermaydi…”.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!