Yilning oxirgi oylarida anʼanaviy tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati FAning boʻlimlari va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ularda yil davomida bajarilgan ishlar bilan tanishish uchun tashrif buyuradi. Jumladan, 2022-yilning 3-4-dekabr kunlari Fanlar akademiyasi prezidenti Bexzod Yuldashev, Akademiya vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimov hamda Akademiya bosh ilmiy kotibi Gʻayrat Baxadirovlar FA Navoiy boʻlimi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida Boʻlimning olimlari, xodimlari va doktorant, stajyor-tadqiqotchilari bilan uchrashib, ularning bajarilgan ilmiy ishlari bilan tanishdilar.
Navoiy boʻlimining rahbariyati, olimlari va yosh tadqiqotchilari quyidagi asosiy maʼlumotlarni taqdim etdilar. Boʻlim tomonidan 2022-yilda:
3ta monografiya va oʻquv-uslubiy adabiyotlar, 52ta ilmiy maqola, jumladan 9ta Scopus/Web of Science bazasiga kiritilgan va 26ta yuqori impakt faktorli xalqaro jurnallarda hamda 110dan ziyod tezislar хalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan anjuman va konferensiya toʻplamlarida nashr qilindi.
Foydali modelga 2ta patent hamda 3ta guvohnoma olindi. Bundan tashqari, ixtiroga patent olish uchun 4ta talabnoma yuborildi.
2022-yil noyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan Milliy reyting natijalariga koʻra, Boʻlim 2021-yilda 2020-yilga nisbatan 70 oʻrindan 55 oʻringa, yaʼni 15 pogʻona koʻtarildi.
3ta quyidagi mavzular boʻyicha ilimiy loyiha muvaffaqiyatli bajarildi:
- neft-gaz quduqlarini burgʻulashda import oʻrnini bosuvchi yangi polimer-kompozit mahsulotlarini ishlab chiqarish;
- mahalliy xom-ashyolar asosida metall quyish qoliplari uchun boyitilgan gil kukunini ishlab chiqish;
- Qorakoʻl qoʻylari genofondini saqlash, rangli qorakoʻlchilikni rivojlantirish, ularning genomini oʻrganish hamda genodiagnostika usullarini ishlab chiqish;
“Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda bentonit gillaridan foydalangan holda sugʻorish suvlarini tejashning ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha bajarilib kelinmoqda. Dastalbki natijalar – ijobiy. Tadqiqotlar davomida oʻsimliklarni bargidan oziqlantirishda mineral oʻgʻitlar bilan birgalikda bentonit gillari kukunidan tayyorlangan suspenziya bilan oziqlantirish 700-1000 m3/ga sugʻorma suvlarini tejalishiga hamda nazoratga nisbatan olingan qoʻshimcha paxta hosilini 10-18%, kuzgi bugʻdoy hosilini 25-31% hamda lalmi bugʻdoyda esa 159% gacha yuqori boʻlishiga sabab boʻlishi isbotlandi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyati shu kabi bir qator qilingan ishlar sarhisobi bilan tanishib chiqdilar. Kelgusi rejalar ham muhokama qilinib, faoliyat doirasidagi ishlar yuzasidan kelishib olindi.