Yaqinda Buyuk Britaniyadagi Fizika Institutining nufuzli IOP Publishing nashriyot kompaniyasidan ( https://ioppublishing.org/ ) O‘zbekiston Fanlar akademiyasi uchun quvonarli xabar keldi. Mashhur IOP Publishing nashriyot kompaniyasi Buyuk Britaniyaning Bristol shahrida joylashgan Fizika instituti tomonidan 1874 yilda tashkil topgan bo‘lib, fizika hamda unga bog‘liq sohalarda jahondagi eng nufuzli ilmiy jurnallarni chop etadi. O‘zbekiston Fanlar Akademiayasi Fizika-texnika instituti direktori − fizika-matematika fanlari doktori, professor Xusniddin Olimov IOP Publishing nashriyot kompaniyasi tomonidan chop etilayotgan “Journal of Physics G: Nuclear and Particle Physics” nufuzli ilmiy jurnalining 2023 yildagi eng yaxshi taqrizchisi – “2023 Yil taqrizchisi” deb e’tirof etildi. “Journal of Physics G: Nuclear and Particle Physics” (https://iopscience.iop.org/journal/0954-3899 ) – nufuzli “Web of Science” hamda “Scopus” bazalarida indeksatsiyalangan, Yadro va elementar zarrachalar fizikasi sohasidagi eng nufuzli (Q1 choragiga kiruvchi) jurnallar qatoriga kiradi. Albatta, boshqa ilmiy jurnallar kabi, ushbu jurnalning nufuzi va salohiyatini jurnalda taqrizchi sifatida xizmat qilayotgan, dunyoning turli mamlakatlaridan saralab olingan, Yadro va elementar zarrachalar fizikasi sohasidagi yetuk mutaxassis – olimlar belgilaydi. Taqrizchilar jurnalga kelib tushgan maqolalarni chuqur o‘rganib chiqib, sohaning ekspertlari sifatida maqolalarga ilmiy taqriz yozadilar, maqolada olingan natijalarning sifati va haqqoniyligi, maqolani jurnalning yuqori ilmiy standartlariga javob berishi yoki bermasligi to‘g‘risida ilmiy asoslangan xulosa qiladilar, kerak bo‘lsa mualliflarga maqola sifatini oshirishga qaratilgan qimmatli tavsiyalar beradilar. Jurnal muharrirlari esa, taqrizchilar tavsiyasiga asoslanib, maqolani jurnalga chop etishga qabul qilishadi yoki rad etishadi, yoki maqolani taqrizchilar tavsiyasiga ko‘ra qayta ishlash uchun mualliflarga qaytaradilar. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, 2023 yilda “Journal of Physics G: Nuclear and Particle Physics” jurnaliga kelib tushgan ilmiy maqolalarning atigi 32 % (foizi) yakunda jurnalda chop etishga qabul qilindi, qolgan 68 % maqolalar mualliflariga esa chop etishga rad javobi berildi.
“Journal of Physics G: Nuclear and Particle Physics” jurnalining Bosh muharriri bilan birga to’qqiz (9) nafar tahrir Hayati a’zolaridan tashkil topgan ekspert komissiyasi 2023 yilda jurnal uchun taqrizchi sifatida xizmat qilgan 200 (ikki yuz) dan ortiq taqrizchilardan, taqriz sifatlariga asoslanib, 2023 yilning 13ta “Namunali Taqrizchi” (Outstanding Reviewers Awards) mukofoti sovrindorlari tanlab olindi ( https://publishingsupport.iopscience.iop.org/questions/journal-of-physics-g-nuclear-and-particle-physics-outstanding-reviewer-awards-2023/ ). 2023 yilning 13ta “Namunali Taqrizchi” mukofoti sovrindorlari qatoriga professor Xusniddin Olimov (O‘zbekiston) bilan birga 2ta Italiyadan, 2ta Ispaniyadan hamda bittadan AQSh, Shveitsariya, Germaniya, Shvetsiya, Gollandiya, Yaponiya, Turkiya hamda Braziyaladan Yadro va elementar zarrachalar fizikasi sohasidagi yetakchi olimlar kirdi. Xusniddin Olimov jurnalning “Namunali Taqrizchi” mukofotini olgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga kiruvchi mamlakatlarning yagona vakili bo‘ldi. Quvonarli tomoni shundaki, o‘zbekistonlik olim, O‘zbekiston Fanlar Akademiayasi Fizika-texnika instituti direktori professor Xusniddin Olimov dunyoning ilg‘or mamlakatlaridan 12ta “Namunali Taqrizchi” sovrindorlarini ortda qoldirib, 2023 yildagi “Journal of Physics G: Nuclear and Particle Physics” jurnalining eng yaxshi taqrizchisi – “Yil Taqrizchisi” (Reviewer of the Year) deb e’tirof etildi ( https://publishingsupport.iopscience.iop.org/questions/journal-of-physics-g-nuclear-and-particle-physics-outstanding-reviewer-awards-2023/ ). Professor Xusniddin Olimov ushbu nufuzli ilmiy jurnalning “Yil Taqrizchisi” deb e’tirof etilgan birinchi o‘zbekistonlik olimi bo‘ldi. Professor Xusniddin Olimovni shunday nufuzli xalqaro e’tirof va mukofot bilan tabriklab, Fanlar akademiyasining boshqa olimlarini ham yaqin orada jahonning nufuzli ilmiy jurnallarida “Yil taqrizchisi” deb e’tirof etilishlarini hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining obro‘si va nufuzini jahonda yanada oshirishlarini tilab qolamiz.