Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Ellinistik Sharq: anʼana va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʼtkazildi


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti hamda Surxondaryo viloyat hokimligi bilan hamkorlikda “Ellinistik Sharq: anʼana va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʼtkazildi.

  

Аnjuman ishtirokchilariga tabrik soʼzini yoʼllagan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Bekzod Yuldashev taʼkidlaganidek, “Yurtimizda ellinistik davr moddiy-madaniy yodgorliklari, bu davrda rivoj topgan sanʼat turlarini ilmiy jihatdan tadqiq etish hamisha dolzarb masalalardan biri boʼlib kelgan. Oʼtgan yillar davomida Sanʼatshunoslik instituti olimlari tomonidan bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilib, koʼplab monografiya va toʼplamlar nashr etildi. Quvonarli jihati, bu yoʼnalishdagi zamonaviy tadqiqotlar, ekspeditsiyalar hozirgi kunda ham davom etmoqda. Sanʼatshunoslik instituti tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro anjuman oʼzbekistonlik va xorijlik olimlarning sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda, ellinistik davr sharq madaniy merosini oʼrganish va targʼib qilish ishini yanada rivojlantirishi aniq”.

Antik davr tarixi va madaniyatini oʼrganish boʼyicha yirik mutaxassislar, yetakchi sanʼatshunos va tarixchilar qatnashgan ushbu anjumanda АQSh, Germaniya, Rossiya, Chexiya, Yaponiya davlatlaridan olimlar ham maʼruza bilan ishtirok etishdi.

Аnjumanda akademik E.V Rtveladzening “Kampirtepadagi ellin davriga oid olov ibodatxonasi”, I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʼiston davlat sanʼat muzeyi direktori T.K. Mkrtichevning “Kushon davri Baqtriya sanʼatida soʼnggi ellin madaniyati anʼanalari”, АQSh ning Xofstra universiteti olimi, professor А.I. Naymarkning “Evtidem tangalariga taqlid: ye.a. I asr Buxorodagi alanlar sulolasi”, Yaponiyadagi Sharq falsafasi instituti olimi K. Kvasakining “Kushon davri Baqtriya sanʼatiga ellin madaniyatining taʼsiri”, Germaniyadagi Berlin Аrxeologiya instituti xodimi N. Borovkaning “Qoʼrgʼonzol — Buyuk Аleksandr qalʼasi”, Chexiyaning Karlov universiteti olimlari L. Stancho, J. Kisla, P. Milo, T. Tenkerning “Janubiy Oʼzbekistonda soʼnggi ellin davriga oid Iskandartepa yodgorligining kashf etilishi”, Berlindagi Yaqin Sharq arxeologiyasi instituti tadqiqotchisi А.Kurbanovning “Аvliyotepa Janubiy Turkimanistondagi mil. avv. II-I asrlarga oid qishloqlar”, Rossiya Federatsiyasi Davlat Ermitaj muzeyi xodimi А.V.Omelchenko va t.f.n. G.P. Ivanovning “Poykentdagi olov ibodatxonasiga oid yangi tadqiqotlar”, Rossiya Federatsiyasining Umumiy tarix instituti xodimi S.V.Smirnovning “Markaziy Osiyoda zarb qilingan, Rossiya muzeylarida saqlanayotgan Salavkiylari davlati tangalari” kabi mavzulardagi maʼruzalarini alohida taʼkidlash lozim.

Onlayn shaklda tashkil etilgan anjumanda Oʼzbekiston hududida antik davrda kechgan madaniy jarayonlar, bu davrga oid shahar va qalʼalar, olov ibodatxonlari, meʼmoriy anʼanalar, devoriy rangtasvir, zargarlik, kulolchilik namunalari, salavkiylar, parfiya va kushon tangalariga bagʼishlangan maʼruzalar katta qiziqish bilan qabul qilindi va muhokama qilindi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!