Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Effekt Makarenko” telegram kanalida eʼlon qilingan maʼlumotga Fanlar akademiyasining rasmiy munosabati: Bino va inshootlarni pasportizatsiyasi boʻyicha maʼlumot


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4794-sonli Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarini shakllantirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida” gi 405-sonli Qarorining ijrosini taʼminlash boʻyicha 2021-yil 6-iyuldan boshlab Respublikaning barcha hududlarida joylashgan bino va inshootlarning yagona integratsiyalashgan platformasi ishga tushirilgan.

Platformaning asosiy vazifasi – Respublikadagi vazirlik va idoralarga qarashli mavjud bino va inshootlarni elektron texnik pasportlarning yagona integratsiyalashgan platformasiga kiritish, ularning seysmik zaifligi boʻyicha turlarga ajratish hamda texnik holatini baholash, seysmik xavf prognozi mavjud boʻlgan hollarda bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini oʻrganish, sodir boʻlishi kutilayotgan zilzilaga tayyorgarlik koʻrish va uning oqibatlari bartaraf etilishini taʼminlashga qaratilgan.

 Vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar bosqichma-bosqich tasarrufidagi barcha bino va inshootlarning elektron texnik pasportlarini shakillantirib, pasportbino.uz platformasiga kiritilmoqda. Hozirgi kungacha platformaga 157691 ta bino va inshootlar toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritilgan.

Shuningdek Transport inshootlari va gidrotexnik inshootlar ham bosqichma-bosqich platformaga kiritilmoqda. Jumladan 58 ta suv omborlari, 37 ta gidrouzellar, 28 ta nasos stansiyalar, 39 ta kanallar kiritildi. Transport inshootlaridan esa 7194 ta koʻprik inshootlari platformaga kiritildi.

2021-yil platformaga kiritilgan ijtimoiy soha obyektlarining 649 tasi instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkazildi. Natijalar asosida zilzilabardoshlik boʻyicha instrumental texnik-tekshiruvdan oʻtkazilgan ijtimoiy soha obyektlari ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish davlat dasturiga kiritildi.

2022-yilda kiritilgan binolardan ijtimoiy sohaga tegishli 154 ta bino va inshootlar hozirgi kunda instirumental texnik tekshiruvdan oʻtkazilmoqda.

Fanlar akademiyasi ommaviy axborot vositalari vakillaridan tekshirilmagan ma’lumotlardan foydalanmaslikni so’raydi. Xolis va asosli ma’lumotlarga ega bo’lish uchun sizlarni Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutiga tashrif buyurib, ushbu sohada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishga taklif qilamiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!