Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Choʻlga va qurgʻoqchilikka chidamli manzarali oʻsimliklar bogʻini kengaytirish ishlari


Fanlar akademiyasi Ellikqalʼa botanika bogʻi tomonidan Moʻynoq tumanida “Oroldagi bogʻim” (“My garden in the Aral sea”) loyihasi doirasida choʻlga va qurgʻoqchilikka chidamli manzarali oʻsimliklar bogʻini kengaytirish boʻyicha bir qator amaliy ishlar qilindi.

“Moʻynoq” tajriba-ishlab chiqarish uchastkasida maxsus maydon ajratilib, bugungi kunga qadar 17 turdagi jami 3383 dona daraxt koʻchatlari ekildi.

Bog’ xodimlari tomonidan katalpa (Catalpa speciosa), shumtol (Fraxinus Americana), zarang (Acer negundo), akatsiya (Albizia julibrissin), sumax (Rhus glabra), gledichiya (Gleditsia  triacanthos), amorfa (Amorpha fruticosa), yapon saforasi (Sophora japonica), aylant (Ailanthus altissima), gujum (Ulmus densa), naʼmatak (Rosa canina), ligustrum (Ligustrum  vulgare), jiyda (Elaeagnus angustifolia), kornus (Cornus  sanguinea) va kanada bagryannigi (Cercis canadensis) koʻchatlari ekilib, iqlim sharoitlariga moslashishi boʻyicha tajribalar oʻtkazildi.

 

Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi buyurtmasi boʻyicha 17 tur oʻsimlik urugʻi va koʻchatlarini maxsus eritma tayyorlanib, har xil usullarda 2 gektar maydonga ekildi. Urugʻlar unib chiqishi nazorat qilindi. Natija esa quvonarli boʻldi. Koʻchatlar oʻsib rivojlanishi Ellikqalʼa tumanidagi natijadan ham yaxshi boʻldi. Oʻstirilgan koʻchatlarni Moʻynoqdagi aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, Orolqumning janubiy tomonida himoya uchun qalin qilib ekishga tavsiya berish mumkin.

  

Ellikqal’a botanika bogʻida 7 tur (katalpa (Catalpa speciosa), suriya atirguli (Hibiscus syriacus), yukka (Yucca sp.), marjon daraxti (Sambucus nigra), uchqat (Lonicera nummulariifolia), semyonov zarangi (Acer semenovii)) koʻchatlaridan 5000 tup tayyorlanmoqda. Bu koʻchatlar suv yetarli boʻlsa, shu yil ekiladi.

2023-yil erta bahordan mevali koʻchatlardan olma, oʻrik, shaftoli, qaroli, nok, yongʻoq, anjir, anor, tok koʻchatlarining har bir tupiga tuprogʻini 10 kg dan biogumus bilan boyitib ekish reja qilindi. Birinchi yili har bir koʻchatdan 30 donadan ekib, tajriba qilinadi. Shuningdek, bahorda har xil koʻp yillik va bir yillik gul koʻchatlarini ham ekish rejalashtirilmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!