Inson hayotida ota-onadan so‘ng ustoz muhim ahamiyatga ega. Ota-onamiz yashash ilmini, hayot sirlarini o‘rgatib, bag‘ridan bizni uchirma qilishadi. Katta hayotda, ayniqsa ilmda ustoz katta rol o‘ynaydi. Bizning erishadigan cho‘qqilarimiz, maqsadlarimiz va sabotimizni ustoz tarbiya etadi. Shu ma’noda men baxtli shogirdman. Bugun ustozim haqida xotiralarimni yozishga qaror qildim. Qaysidir ma’noda yaqin tarixni yozishim, xotirlashim og‘riqli ham…Fizika-matematika fanlari doktori, professor, akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning ko‘plab shogirdlari uchun 2024-yil 28-avgust kuni taqvimdagi qora kun bo‘lib qoladi. Shu kuni mamlakatimiz yuqori energiyalar yadro fizikasi sohasidagi yetuk olim va ustozdan, mamlakatimiz ilm-fanining ajoyib tashkilotchisidan ayrildi. Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarning ko‘pi 2016-yil yakuni bo‘yicha allaqachon tarqatib yuborilgan yoki ancha qisqartirilgan, qayta tashkil etilgan va turli universitetlar, vazirlik va idoralar tasarrufiga o‘tkazilgan edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbusi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi hamda Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ilmiy laboratoriyalari qisqa muddatda qayta tiklandi. Ilmiy tashkilotlar hamda ulardagi ilmiy laboratoriyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirishga o‘tkazildi. Oxirgi 7 yilda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ilmiy xodimlarining, oliy o‘quv yurtlari va texnikumlar professor-o‘qituvchilarining ish haqi, shuningdek, doktorantlarning stipendiyalari o‘rta hisobda 5 barobarga oshirildi. Olimlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatining aniq natijalaridan kelib chiqib, fan doktori (D.Sc.) va falsafa doktori (Ph.D.) ilmiy darajalariga ega boʻlgan ilmiy xodimlar va professor-oʻqituvchilarning lavozim maoshlariga 60 va 30 foizgacha har oylik ragʻbatlantirish ustamalari joriy etildi. Eng muhimi, oxirgi yillarda jamiyatimizda olimlar, universitet va texnikum professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining yuksak mavqei va nufuzi tiklandi. Qisqa muddatda amalga oshirilgan shunday ishlarga ajoyib ustozimiz akademik Behzod Yo‘ldoshevning ham ulkan xizmatlari borligidan faxrlanamiz.
Akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning mening boshqa ustozlarim, fizika-matematika fanlari doktorlari, professorlar Anvar Ortiqovich Yo‘ldoshev, Sa’dulla Lutfullaevich Lutfullaev, Qosim Olimovich Olimovlar, singari meni olim va ilmiy-tadqiqot instituti rahbari bo‘lib yetishishimda katta hissasi bor. 2015-yilda, men Pokistonning Islomobod shahridagi COMSATS universitetining fizika fakultetida 5 yildan beri xorijiy professor lavozimida ishlagan va yuqori energiyalar yadro fizikasi sohasida nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan 30 dan ortiq ilmiy maqolalarim bo‘lgan bir paytda Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev meni Vatanga, O‘zbekistonga qaytib, fan doktori dissertatsiyasini ingliz tilida yozishga undadi. U mening chop etilgan ilmiy maqolalarim asosida dissertatsiya mavzusining nomi va uning boblari bo‘yicha qimmatli takliflarini berdi. Behzod Sodiqovichning maslahati bilan 2000-yillarning boshida men ingliz tilini mukammal o‘rganib, ilmiy maqolalarimni ingliz tilida yozishni boshlagan edim. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori lavozimlarida juda band bo‘lishlariga qaramay, B.S. Yo‘ldoshev bir oy davomida ingliz tilidagi doktorlik dissertatsiyamni puxta o‘rganib chiqdi va ilmiy ishim sifati va taqdimotini yaxshilashga qaratilgan, men uchun muhim tavsiyalarini berdi. 2018-yil iyun oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti huzuridagi dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashda fizika-matematika fanlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. 2020-yilda professor ilmiy unvonini olishim uchun barcha talablarni bajarganimdan so‘ng, ustozim Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev tegishli hujjatlarni tayyorlab, Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti Ilmiy kengashiga professor ilmiy unvoniga nomzodimni taqdim etishimni so‘radi. 2020-yil noyabr oyi boshida yangi olingan professorlik attestatimni Fanlar akademiyasidagi Behzod Sodiqovichni xonalariga olib kelib fotihasini olganimda, ustozimiz juda xursand bo‘ldilar. Ular meni chin dildan tabrikladi va duo qildi, shuningdek, ota-onamni tabriklashimni so‘radi. Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshev umrining so‘nggi ikki yilida ham rahbarlik lavozimida juda ko’p mehnat qilishi va sog‘lig‘ida jiddiy muammolar bo‘lishiga qaramay, umrining oxirigacha men va boshqa shogirdlari bilan ilmiy tadqiqot ishlari bilan faol shug‘ullanib, olingan ilmiy natijalarni tavsiflash va ilmiy maqolalarni yozish bo‘yicha o‘z maslahatlarini ayamadilar. An’anaga ko‘ra, bizlar har ikki haftada O‘zbekiston Fanlar akademiyasidagi Behzod Sodiqovichni xonalarida uchrashib, yuqori energiyalar yadro fizikasi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarimizning so‘nggi natijalarini muhokama qilardik va qilinadigan ilmiy ishlarni rejalashtirar edik. Behzod Sodiqovich ajoyib intuitsiyaga ega bo‘lib, qaysi fizikaviy xossalar va xususiyatlar tahlil qilinishi muhim ilmiy natijalarga olib kelishini juda yaxshi his qilgan yetuk olim edi. Shu bilan birga, u o‘z shogirdlaridan olingan ilmiy natijalarni bir necha bor tekshirib ko‘rishni, tegishli hisob-kitoblarni 5-6 marta takrorlashimizni talab qilardi. Yuqori energiyali yadroviy to‘qnashuvlarida hosil bo‘lgan sakkiz kvarkdan iborat rezonans zarra hamda uch-protonli rezonans zarra kashfiyotlariga bag‘ishlangan ikkita qo‘shma ilmiy maqolamiz 2022-2023-yillarda nufuzli xalqaro ilmiy jurnalda chop etilganida ustozim Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning ko‘zlarida juda katta quvonch va chuqur mamnuniyatni ko‘rgan edim.
Buyuk va olijanob inson, mohir olim va ilm-fan tashkilotchisi, g‘amxo‘r ustoz, akademik Behzod Sodiqovich Yo‘ldoshevning xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib qoladi. Nomingiz, ezgu ishlaringiz, ilmingiz bizga merosdir!
Husniddin Olimov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
Fizika-texnika instituti direktori