Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Buxoro viloyati Romitan tumani Gazli shahrida chigirtka sonining keskin oshishi kuzatildi. Bu xususda olimlar nima deydi?


 


 

Ma’lumki Buxoro viloyatining maydoni 39 400 km2 ni tashkil etib, viloyat hududining 80% dan ortig’ini qizilqum cho’li tashkil etadi. Cho’l hududining aksariyat qismida saksovul, yulg’un, qandim, teresken kabi cho’l o’simliklar o’sadi. Bu cho’l o’simliklari orasida oq saksovul o’simligi dominantlik qiladi. Hududda saksovulzorlarning ko’p bo’lishi bu o’simlik bilan oziqlanadigan boshqa organizmlarning, xususan katta saksovul bukrisi (Dericorys albidula Serv.) chigirtkasining ko’payishiga imkoniyat yaratadi. Katta saksovul bukrisi chigirtkasi to’da hosil qilmaydigan chigirtkalar qatoriga kirib, u faqatgina saksovul o’simligi barglarini iste’mol qilib, boshqa hech qanday o’simlik yoki qishloq xo’jalik ekinlariga zarar keltirmaydi. Odatda katta saksovul bukrisi chigirtkasi rivojlanishi uchun 40-50 kun muddat talab etiladi, agar harorat yuqori va ozuqa miqdori ko’p bo’lsa bu chigirtka nisbatan tezroq rivojlanishi ham mumkin. Ta’kidlash joizki katta saksovul bukrisi chigirtkasini lichinkalik davrida uning maskirovka qiluvchi sarg’ish yashil rangi saksovulzorlar orasida payqashni qiyinlashtiradi va agar mutaxassis sinchiklab qaramasa, bu chigirtka tarqalgan hududni aniqlab bo’lmaydi. Buхoro viloyati hududida katta saksovul bukrisi chigirtkasining tarqalish o’choqlari asosan Qorako’l, Jondor, Peshku, Romitan tumanlari saksovulzorlarida bo’lib, bu hududlar Gazli shahriga olib boradigan A-380 avtomagistrali atrofida joylashgan. Chigirtkalarning bioekologiyasidan ma’lumki ular yorug’lik tomon intiladi va kechqurungi yoritish chiroqlari chigirtkalarni o’ziga jalb qiladi. Bundan tashqari avtomagistral yo’ldan chiqayotgan issiqlik ham chigirtkalarni o’ziga jalb qiladi va natijada chigirtkalarning yorug’ va issiq joylarga uchib kelishi tez-tez kuzatiladi. Fanlar akademiyasi Zoologiya institute olimlarining fikriga ko’ra bu tur chigirtka o’zining katta o’lchamiga qaramasdan pestisidlarga juda sezgir bo’lib, kimyoviy preparatlar ta’sirida tezda nobud bo’ladi. Hozirgi kunda Buxoro viloyatida tarqalgan katta saksovul bukrisi chigirtkasining ommaviy ko’payishiga qarshi kurash choralari olib borilgan va chigirtkalarning tarqalishi nazorat ostiga olingan.

 

 

Fanlar akademiyasi Axborot xizmati


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!