Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Bugun akademik Jaloliddin Azimov tavallud topgan kun


J.A.Azimov 1938-yilning 10-martida Andijon shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. U 1954-yil oʻrta maktabni tugatgach, 1954-1959-yillar mobaynida Samarqand shahridagi Oʻzbekiston qishloq xoʻjalik instituti (hozirgi Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti) Veterinariya fakultetida taʼlim olib, uni muvaffaqiyatli tamomladi. 1959-yildan Oʻzbekiston Veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida oʻz mexnat faoliyatini boshladi. 1961-yilda Moskvadagi akademik K.I.Skryabin nomidagi Butunittifoq gelmintologiya instituti aspiranturasiga oʻqishga kirdi. 1963-yilda “Oʻzbekiston janubidagi qoʻylar gelmintlari va asosiy gelmintozlar dinamikasi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1964-1969-yillar mobaynida Oʻzbekiston veterinariya ilmiy-tadqiqot institutida, 1969-1978-yillarda OʻzR FA Zoologiya va parazitologiya institutida katta ilmiy xodim, 1978-1989-yillarda Respublika parrandachilik ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlagan.

1986-yilda esa Moskvada akademik K.I.Skryabin nomidagi Butunittifoq gelmintologiya institutining ixtisoslashgan kengashida “Schistosomatida (Skrjabin et Schulz, 1937) Azimov, 1970 turkumiga mansub trematodalarning ekologo-taksonomik tavsifi va qishloq xoʻjalik hayvonlari oriyentobilgarsiozining oldini olishning biologik asoslari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Olimga 1988-yilda professorlik ilmiy unvoni berildi. 2000-yilda esa Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

1989-1991-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, 1991-yildan 2009-yilga qadar OʻzR FA Zoologiya instituti direktori lavozimida ishladi. 2009-yildan hozirga qadar OʻzR FA Zoologiya institutida bosh ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqda.

 J.A.Azimovning serqirra ilmiy faoliyati uning respublika va xorij jurnallarida chop etilgan 1000 dan ortiq ilmiy maqolalarida oʻz aksini topgan. 35 dan ziyod monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifi, jumladan, Odam va hayvonlar shistosomotidlari» (1975), “Oʻzbekiston sut emizuvchi hayvonlari gelmintlari” (1975), “Odam va hayvonlarning parazitlari – trematodalar” (1986), “Oʻzbekiston togʻ ekosistemalari umurtqalilari gelmintlari” (1994), “Parazitologiya terminlarining izohli lugʻati (2007)”,  «Oʻzbekiston umurtqalilari parazitlari - trematodalar (tarkibi, harakatlanishi va bioekologiyasi) (2012)”, “Parrandalar kasalliklari (maʼlumotnoma) (2012)”, “Sut emizuvchilar trematodalari – oriyentobilgarsiyalar (2014)” va boshqalar asarlar mamlakatimiz va dunyo zoologlari tomonidan alohida qadrlanadi. Olimning “Parranda kasalliklari boʻyicha qisqacha maʼlumotnoma” kitobi 1987-yil Moskvada boʻlib oʻtgan xalqaro kitoblar koʻrgazmasida faxrli oʻrinni egallagan. Ustoz tomonidan ishlab chiqilgan 30 dan ziyod tavsiyanomalar iqtisodiyotning turli tarmoqlariga joriy qilingan. Shogirdlari bilan yaratgan “Hayvonlar shistosomozi” (2019) ingliz tiliga oʻgirilib, Buyuk Britaniyaning nufuzli nashriyotida “Schistosomiasis of Animals in Uzbekistan” chop etilmoqda

J.A.Azimovning 1995-1998-yillar mobaynida Biologik xilma-xillikning saqlash Milliy strategiyasini ishlab chiqish va uni amaliyotga tadbiq etishga qoʻshgan hissasi hamda xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik sohasidagi yutuqlari va xizmatlarini eʼtirof etgan qator Xalqaro tashkilotlar, fondlar oʻz aʼzosi etib saylagan. Jumladan:

Tabiatni muhofaza qilish Butunjahon ittifoqi aʼzosi (IUCN,1997-y.);

Tabiatni himoya qilish Butundunyo fondi eksperti (WWF,1997-y.);

Oʻzbekistonda oʻsimlik va hayvonlar savdosi konvensiyasi ilmiy organi rahbari (CITES,1998-y.);

Migratsiya qiluvchi hayvonlarni saqlash konvensiyasi ilmiy konsultanti (CMS, 1998-y.);

Biologik xilma-xillikni saqlash konvensiyasi aʼzosi (CBD, 1998-y.);

Shistosomatidlar boʻyicha Yevropa komissiyasi aʼzosi (ECS,2001 y);

Tabiatni muhofaza qilish Butunjahon ittifoqining Oʻzbekistondagi Mahalliy komiteti raisi (IUCN, 2002-y.);

Biologik xilma-xillikni saqlash konvensiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Mahalliy vakolatli koordinatori (CBD, 1999-y.).

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!