O'zbekiston diyorida qadimdan behisob moddiy va manaviy madaniyat namunalarini yaratgan ulkan saltanatlar hamda qudratli davlatlar ko'p bo'lgan. Ba'zilari haqida ayrim yozma manbalarda qisman xabar uchrasa, ba'zilari haqida esa hech qanday ma'lumot bizgacha yetib kelmagan. Uzoq tarixiy tajriba shuni ko'rsatadiki, unutilgan qadimiyat, garchi rivoyat va afsonalarda uning o'ziga xos tartibda saqlangan izi mavjud bo'lsada, aksariyat hollarda faqat arxeologik izlanishlar orqaligina tiklanishi mumkin. Agar arxeologik tadqiqotlarga turli kesishgan ijtimoiy hamda tabiiy fanlar kabi boshqa soha vakillari ishtiroki ta'minlansa, qadim tarix zarvaraqlarini tilga kiritish jarayonlari ancha jadallashar edi. Shu bilan birga, hozirgi kunda barcha tadqiqot natijalari o'z o'quvchisiga yetib borishi uchun yodgorlik qarida saqlanib kelayotgan tarixiy jarayonlar haqida so'zlay oladigan topilmalarni muzeylashtirish o'ta dolzarb bo'lib qolmoqda. Aynan bu borada qadimshunoslar va muzey xodimlari hamkorlikda ish ko'rishlari lozim.
Darhaqiqat, har qanday davlatchilik, negizi qadim o'tmishga borib undan o'ziga ma'naviy quvvat olsagina, ravnaq topadi. Shu tufayli Xitoy solnomalariga muxrlangan Qadim Farg'ona davlati ham bo'sh yerda paydo bo'lmagan, balki ming yillar davomida uzviy ravishda rivojlanib bir-birini almashib kelgan qadimiy o'troq ziroatchi Chust va Sho'raboshot madaniyat sohiblarining tinimsiz ezgu niyat va amallari hamda qo'shni ko'chmanchi Qayroqqum va Eylaton madaniyati qabilalari bilan o'zaro madaniy aloqa hamda qorishuvlari natijasidir. Aynan shu madaniyatlar uzviy va o'zaro bog'liq taraqqiyot yo'llarining ayrim jihatlari 2014–2019-yillar mobaynida Andijon viloyatida o'rganilib kelinayotgan Qo'shtepa-2 yodgorligida ochilgan qadimiy madaniy qatlamlar tahlil qilingan hamda ularni umumiy tarixiy rivojlanishga qiyoslagan holda ilmiy xulosalar ishlab chiqilgan.
Dala-qazuv ishlari jarayonida yodgorlikda hozircha qayd etilgan me'moriy qoldiqlar mil. avv. I ming yillik o'rtalaridan mil. VIII asr boshlarigacha uzluksiz va qisman X – XII asrlarga tegishli qadim madaniyatlar va davlatlar davriga oid. Tadqiqotlar natijasida minglab turli davrlarga oid har xil asori-atiqalar aniqlangan bo'lib, quyi qatlamdan topilganlarining aksariyati fanda ma'lum madaniyatlar ketma-ketligi kontsepsiyasiga yangicha yondashish zarurati paydo bo'lganligi e'tirofga sabab bo'lmoqda. Garchi bu ilmiy xulosalar xalqaro va respublika miqyosidagi turli ilmiy jurnal va to'plamlarda nashr etilgan bo'lsada, ularning moddiy manbalari bo'lmish asori-atiqalarni yurtdoshlarimiz va keng ilmiy jamoatchilikka taqdim etish lozim. Shu tufayli, oxirgi 6 yil davomida “Qo'shtepa-2” yodgorligidan dala tadqiqotlari natijasida qo'lga kiritilgan topilmalar ilk bor 2018-yilning 6-noyabr kuni “Ko'hna zamin durdonalari” rukni ostidagi ko'rgazma sifatida xorijiy tarixchi olimlar ishtirokida keng xalq ommasi e'tiboriga havola etildi.
Mohiyatan bu ko'rgazma, turli (eng qadimdan o'rta asrlargacha) davrlarga oid tosh, sopol, metall, shisha va suyakdan ishlangan buyumlarni peshtaxtalarga xronologik tartibda joylashtirish bilan birga, vodiy qadim madaniyatlariga oid ilmiy kontsepsiyaga ko'ra ketma-ket joylashgan Eylaton va Sho'raboshot madaniyatlari sopol namunalarining bitta madaniy qatlamdan olinganini ko'rsatishga qaratilgan edi. Zero, bu hol ularning o'tgan asrning 70- va 90-yillarida ayrim tadqiqotchilarning nazariy xulosalarida keltirilganidek, ketma-ket emas, balki bir vaqtda yoki parallel ravishda mavjud bo'lganini ko'rsatadi. Qo'shtepadagi tadqiqot natijalari esa buni tasdiqlamoqda.
Tadqiqotlarimizning o'ziga xos natijalaridan biri shundaki, aynan shu ikki madaniyat – ziraotkor Chust madaniyatining vorisi bo'lmish Sho'raboshot va o'troqlashayotgan ko'chmanchi Eylaton madaniyati sohiblarining o'zaro qorishuvi natijasida ming yillik tarixga ega va Xitoy solnomalarida “Davan” yoki “Da yuan” deb atalmish Qadim Farg'ona davlati shakllanadi hamda o'ziga xos taraqqiyot bosqichlaridan o'tib boradi. Topilmalar va ular asosida taqdim etilgan ilmiy xulosalar o'zbek, ingliz va rus tillarida tayyorlangan bukletlarda muxtasar qilib keltirilgan. Shu bilan birga, ko'rgazmada maxsus tayyorlangan stendlardan ham foydalanilgan. Jumladan, arxeologik yodgorliklarning hozirgi kundagi tang ahvolini ko'rsatish orqali mahalliy aholini o'tmishimizning tilsiz guvohlari – tepaliklarni saqlashga chaqirishga qaratilgan.
2018-yili jamoatchilik asosida tashkil etilgan va “Ko'hna zamin durdonalari” rukni ostida amalga oshirilgan ushbu ko'rgazma joriy yil 17-oktyabr kuni Samarqand davlat qo'riqxona muzeyida tashkil etildi. Ushbu “Andijon qadimiyati tamaddunlar chorrahasida” deb nomlangan ko'chma ko'rgazmada 200 dan ortiq turli, biroq ketma-ket kelgan davrlarga oid har xil asori atiqalar namoyish etildi.
Ko'rgazmadagi topilma komplekslari yodgorlik tadqiqotchisining loyihasiga asosan tashkil etilgan bo'lib, ularning bevosita vodiy tarixiga mos qadim madaniyatlar davriy taraqqiyot bosqichlari tarzida joylashtirilishi oliy ta'lim muassasalari ijtimoiy yo'nalishdagi barcha talabalar uchun “Qadim Farg'ona tarixiy-madaniy mintaqa o'lkashunosligi” mavzusi bo'yicha amaliyot darslarini olib borish imkon berishiga qaratilgandi. Andijonsoy bo'yidagi tepaliklar o'zining mahobati bilan ko'plab ochilgan qadimiy ko'shklarni eslatadi va bu holat Qo'shtepa-2 yodgorligida mil. avv. II-I – mil. VIII asrlarda davlat vakillari uchun qad ko'tarilgan ko'shk mavjud bo'lganligi bilan tasdiqlanadi. Ko'shklarning qurilishi davlatchilikning yuksalishi bilan belgilanadi, ammo dastavval ularning o'rnida mudofalangan manzilgohlar bo'lgan va ularning eng oldingisi mil. avv. I ming yillikning o'rtalarida qurilgan. Oxirgi holat, bizning fikrimizcha, Andijonsoy kanali qurilishi arafasida amalga oshirilgan, chunki, yuqorida keltirganimizdek, bunday ishlar katta omma yordamida bajarilgan va “davlat vakillari” bunyodkorlik jarayoni bir maromda olib borilishini nazorat qilishga mas'ul bo'lganlar. Andijonsoy qurilishi yakunlangach esa, bu mudofalangan manzilgohdagi “davlat vakillari” shu hududga oid suv taqsimoti va soliq masalalari bilan shug'ullanish barobarida davlat iqtisodiy qudratini kuchaytirishga o'z xissalarini qo'shgan. Bu tizim o'z davri uchun shu darajada mukammal va zarur bo'lgan ekanki, vaqt o'tishi bilan eski mudofalangan manzilgohlar o'rnida “davlat vakillari” uchun maxsus ko'shklar tiklangan. Demak, 2500 yil oldin Shahrixonsoy va Andijonsoy inshootlarining bunyod etilishi vodiyning markaziy hamda janubi-g'arbiy sarhadlaridagi (hozirgi Farg'ona viloyati o'rtalarigacha) bo'z yerlarni bosqichma-bosqich o'zlashtirishga olib kelgan. Bu esa o'z o'rnida, mintaqada urbanizatsiya jarayonlarini keskin ravishda rivojlantirgan.
B.M Abdullayev,
O’zR FA Milliy arxeologiya markazi
Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi.