O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi bo‘limi tomonidan toʼrt jildlik “Аlisher Navoiy entsiklopediyasi” nashrga tayyorlandi.
Mazkur ensiklopediya Davlatimiz Rahbari 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chop etildi.
Qomusdan navoiyshunoslik masalalari, buyuk shoir asarlarining turli yillardagi nashrlari, ularning xorijiy tillarga tarjimalari, yurtimiz va jahon kutubxonalari xazinalarida saqlanayotgan qo‘lyozma hamda toshbosma kitoblari, shuningdek, rassomlik, haykaltaroshlik, teatr, kino singari sanʼat turlarida Аlisher Navoiy siymosining aks ettirilishiga doir maqolalar, ayrim lirik asarlarining ilmiy tahlillari ham o‘rin olgan.
Unda, eng avvalo, Аlisher Navoiy yashagan davrda Xuroson va Movarounnahrda adabiy hayotdagi ijobiy yuksalishlar, ularni yuzaga keltirgan omillar haqidagi maqolalarga keng o‘rin ajratildi. Bu esa yurtimizda kechgan Ikkinchi Uyg‘onish davri – Temuriylar Renessansining hayotiy qudratini idrok qilish va unda Аlisher Navoiyning tutgan o‘rnini atroflicha mushohada etish imkonini beradi.
Kitobga Husayn Mirzo hukmronligi ostidagi Xuroson poytaxti – Hirotda yashab mehnat qilgan turkiy qavmlar, ularning o‘ziga xos tabiati, urf-odatlari, saroyda tutgan mavqelari to‘g‘risida qator maqolalar kiritilgan.
Shuningdek, ulug‘ shoir zamondoshlari, do‘stlari, u bilan hamnafas ijod qilgan qalam ahli va ularning ijodiy yo‘li borasidagi izlanishlar adabiyot muhiblari uchun hamisha qiziqarli bo‘lgan. Entsiklopediyada shoirning oilasi, qarindosh-urug‘i, do‘stlari, musohiblari, ustoz va shogirdlari, yaqinlari haqida ham ilmiy ahamiyatga molik maʼlumotlar yetarlidir.
“Аlisher Navoiy entsiklopediyasi” ilm-fan, ijod ahli va keng o‘quvchilar ommasiga mo‘ljallangan.