O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda ta’lim muassasalari hamkorligida O‘zbekiston florasini o‘rganish, biologik xilma-xillikni saqlash, zamonaviy ilmiy-amaliy tadqiqot natijalarini talim tizimiga integratsiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslar, tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 29-30 iyun sanalarida Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabida “Akademik bilan uchrashuv” bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda maktab jamoasi, bitiruvchi yoshlar hamda akademik K.Sh.Tojibayev bir guruh shogirdlari bilan ishtirok etishdi. Akademik K.Sh.Tojibayev “Ilm yo‘lidagi tadqiqotlar va hayotiy tajribalar” mazusida botanik olimlarning O‘zbekiston o‘simliklar xilma-xilligini tadqiq etilishi, hududlar kesimida olib boriladigan dala tadqiqotlari va hozirgi vaqtda O‘zbekiston florasini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan zamonaviy fundamental tadqiqotlar, ilm yo‘lida qilingan mehnat ortidan to‘plangan hayotiy tajribalari haqida tinglovchilarga ma’lumot berdi.
Shuningdek, Respublikamizdagi Oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga integratsiya qilish maqsadida Farg‘ona viloyati Shohimardon qishlog‘ida “O‘zbekiston o‘simliklar xilma-xilligini tadqiq etishda ilmiy tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalarining intergatsiyasi: muammo va yechimlari” mavzusida botanik olimlarning dala-amaliy seminari ham tashkil etildi. Mazkur seminarda Botanika instituti, Namangan, Andijon, Buxoro, Qarshi va Jizzax davlat pedagogika universitetlarining yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilari ishtirok etishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Botanika instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining “Hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat hisobini, ulardan foydalanish hajmlari hisobini va davlat kadastrini yuritish to‘g‘risida” 2018-yil 7-noyabrdagi 914-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda uchraydigan dorivor, ozuqabop, texnik va manzarali o‘simlik turlarining davlat kadastrini shakllantirish bo‘yicha “Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining istiqbolli xom-ashyobop o‘simliklarning davlat ro‘yxati va kadastrini yaratish hamda ushbu viloyatlarda joylashgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning flora tur tarkibini inventarizatsiya qilish” (Farg‘ona vodiysi viloyatlari hududida) hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19.12.2018 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1034-son Qarori “O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritish tartibi to‘g‘risida nizom”da belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston respublikasi Qizil kitobi holatini tanqidiy baholash, uning yangi nashrini tayyorlash uchun ma’lumotlar tayyorlash” mavzularida xo‘jalik shartnomasi asosida butun Respublika hududlarida zamonaviy metodlar yordamida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
Tadqiqotlarda institut ilmiy xodimlari bilan birgalikda Respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan botanik olimlar ham faol ishtirok etmoqda. Olingan ilmiy natijalarni muhokama qilish, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga integratsiya qilish, olimlarning dala-amaliy seminari o‘tkazilishi, maktab va boshqa ta’lim dargohlaridagi tadbirlar tashkil qilinishi ham mazkur tashabbuslarning mantiqiy davomidir.