Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Adabiy meros” jurnalining yangi soni chop etildi


Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining ilmiy nashri bo‘lgan jurnalning mazkur soni  O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan.

“Buyuk shoir va qomusiy olim” nomli kirish maqola  hamda  “Bobur masnaviylarida hol va tasvir uyg‘unligi”, turkiyalik olim İsmet Çetinning “Taşkent’ten İstanbul’a Bir Aydın Yolculuğu: Abdullahzâde Tevekkül Babür”  mavzuidagi maqolalar shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan.

«Qadimiy bitiklar» ruknidan “Devoni hikmat»dan namunalar» nomli maqola joy olgan.

Amerika Qo‘shma shtatlari Michigan universiteti professori Temur Xo‘jao‘g‘lining “Alisher Navoiyning turkiy til boyligini Ko‘rsatish uslubi: g‘azal qofiyalari namunasida” maqolasida Navoiyning yetuklik chog‘idagi devonida foydalanilgan turkiy qofiyalarga e'tibor qaratilgan. G‘azallardagi qofiyalar orasida turkiy tildagilari tanlab olingan. Chunki Alisher Navoiy turkiy fe'llarni ko‘proq qo‘llash maqsadida o‘zining deyarli barcha g‘azallarining qofiyalarini turkiy so‘zlardan tanlagan. Navoiy Muhokamat-ul-lug‘atayn asarida turk tilining boyligiga namuna deb ko‘rsatgan turli fe'l turlarini ham o‘z g‘azallarida qo‘llagan. Bu maqolada Alisher Navoiyning to‘rtinchi devoni bo‘lmish “Favoyid-ul-kibar” dagi 51 g‘azalda aniqlangan 44 xil qofiya tahlil qilinadi. Bu 44 xil qofiya ham ulug‘ shoirimizning turkiy til so‘z boyligi va qudratini she'rxonlar hamda boshqa shoirlarga ko‘rsatish harakat qilganidan dalolat beradi. Navoiyning boshqa devon va masnaviylari ham shu jihatdan tadqiq qilinsa, bu mavzuni yanada chuqurroq yoritish mumkin bo‘ladi.

Tojikistonlik tadqiqotchi Fayzulloyev Baxtiyorning «Xo‘jandda navoiyshunoslik» maqolasida  Navoiy merosining qo‘shni va qardosh mamlakatda o‘rganilishi masalalari tadqiq etilgan.

Turkiyaning Karabuk universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sayidbek Boltaboyevning “Tarixda Navoiy asarlarining o‘g‘uz yurtlarida o‘qilishi va o‘girilishiga doir» maqolasida Navoiyning o‘g‘uz tiliga tarjima qilingan uch asari, o‘g‘uzlar tiliga moslashtirilgan yoki o‘g‘uzcha muqobillari, izohlari yonma-yon ko‘rsatilgan asarlar haqida gap ketadi. O‘g‘uzcha izohlar berilgan nusxalardan namunalar ko‘rsatilgan holda tarixiy qiyosiy til tadqiqotlari uchun bunday nusxalarning ahamiyati ochib berilgan.

Professor Dilmurod Qu'ronovning “Cho‘lponning uch noma'lum maqolasi” Cho‘lpon ijodi va hayotiga oid bo‘yicha yangi ma'lumotlar olishga imkon berishi bilan qimmatlidir.

Jurnalning “Oltin beshik” ruknida ham bir-biridan muhim bo‘lgan maqolalar chop etilmoqda.

Jurnallning ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan “Tanqid va tahlil” ruknida  D. Xalilova, M. Ibrohimova, N. Cho‘lliyeva, G.Matyoqubova, M.Otaboyeva kabi yosh olimalarning  maqolalari joy olgan.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!