Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Adabiy meros” jurnalining yangi soni bilan tanishing




 

 

O’zbek matbuotida o’z o’rni va nufuzi ega ilmiy nashr – “Adabiy meros” ilmiy jurnalining navbatdagi (2023-yil, № 2) soni chop etildi. Jurnalning ushbu sonida o‘zbek ilm-fanining rivojida mislsiz xizmatga ega yirik ilmiy tuzilma  – O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yilligiga alohida urg‘u berilgan. O‘zbekistonda ilm-fan rivoji, undagi an’analarning saqlanishi, ustoz-shogird munosabatlari, shuning bilan birgalikda, zamonaviy fan-texnologiya yutuqlari bilan birga yashab kelayotgan  Fanlar akademiyasning millat hayotida o‘rni cheksiz.  Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi 80 yildan buyon mamlakatning oliy ilmiy tashkiloti hisoblanadi. Akademiklar va uning xorijiy aʼzolarini hamda oʻz tasarrufidagi ilmiy muassasalar ilmiy xodimlari va mutaxassislarini birlashtiradi va ular ilmiy o’sishiga xizmat qiladi. Asosiy vazifasi bo’lgan fan va texnika sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash, davlat va jamiyat taraqqiyotini taʼminlovchi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha fundamental ilmiy tekshirish va ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasini belgilash, tabiiy, texnikaviy, tibbiy, ijtimoiygumanitar fanlar sohasida jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiytexnikaviy va maʼnaviy-maʼrifiy rivojiga koʻmaklashuvchi fundamental tadqiqotlar olib borishdan iborat bo’lib, bugungi kunda uning jon kuyar xodimlari buni muvaffaqiyatli uddalab kelmoqda.

Jurnalning mazkur sonida ham matnshunoslik va adabiy manbashunoslikka oid ko’plab ahamiyatli maqolalar chop qilingan. “Manbashunoslik va matnshunoslik” ruknida filologiya fanlari doktori Shohobiddin Nuriddinovning “Komil Xorazmiy devonining janriy tarkibi to‘g‘risida” maqolasi chop etilgan bo‘lib, unda Komil Xorazmiy devonining matniy-qiyyosiy tadqiqiga oida fikrlar bilan tanish mumkin. O‘zbek adabiyotining yirik vakili Komil Xorazmiy devonining janriy tarkibi tadqiqiga bag‘ishlangan fikrlar ilmiy jamoatchilikni be’etibor qoldirmaydi. Maqolada shoir devonining mamlakatimiz va xorijdagi fondlarda saqlanayotgan qo‘lyozma va toshbosma manbalari o‘zaro qiyosiy tahlil qilingani ahamiyatga molik. Devondan o‘rin olgan lirik asarlarning janrlar bo‘yicha tasnifi keltirilib, ularning soniga aniqlik kiritilgan. Devon nusxalarini qiyoslash jarayonida ularda uchraydigan ayrim matniy tafovutlar tadqiq qilingan.

Shuningdek ushbu ruknda Zilola Namozovaning “Devoni Foniy” Hamid Sulaymon talqinida” maqolasida atoqli matnshunos olim Hamid Sulaymonning “Devoni Foniy” ustida olib borgan tadqiqotlari haqida so‘z boradi. Zero, Navoiyning forsiy lirikasi haqida dastlabki tadqiq Sadriddin Ayniy tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, uni to‘la manba sifatida o‘rganish 1965-yildan keyin amalga oshgan. Forsiy devonning manbalari, tarkibi haqida fikr yuritila boshlangan.

“Jadid adabiyoti” ruknida Anqara Hoji Bayram Veli universiteti professori(Turkiya), filologiya fanlari doktori Zaynabidin Abdirashidovning “Turkiston jadidlarining siyosiy qarashlari haqida” maqolasi chop etildi, unda Turkiston jadidlarining umumiy vatan uchun haqli geografiya yaratishga bo‘lgan intilishlari birlamchi manbalar asosida tahlil qilingan va o‘rganilgan.  “Ushbu maqolaning maqsadi Turkiston jadidchiligi shakllanishi va taraqqiyoti davomida jadidlarning o‘zlari yashab turgan mintaqaga tarixiy, madaniy va siyosiy nuqtai nazardan qarashlari, tushunchalarini tahlil qilish” – deya ta’kidlaydi muallif.

Yana shu ruknda filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nodira Egamqulovaning “Abdurauf Muzaffarzodaning ma’rifiy-axloqiy qarashlari xususida” maqolasi chop qilindi. Unda tatar ziyolisi Abdurauf Muzaffarzodaning “Sadoyi Turkiston” muharriri sifatidagi faoliyati, publitsistikasida aks etgan milliy til, millat, din masalasiga doir qarashlari tahlil qilingan.

Jurnalning mazkur sonida Dilfuza Kalandarovaning “Karl Reichl – is a researcher of uzbek folklore” maqolasi hamda Karl Rayxlning turkiy xalqlar ogʻzaki ijodi boʻyicha chop ettirgan ilmiy ishlari roʻyxati berilgani alohida ahamiyatga egadir. Maqolada Karl Reyxl tadqiqotlarida o‘zbek folklori va uning yo‘nalishlari haqida so‘z boradi. Olimning ingliz va nemis tillaridagi asarlari, muallifning taniqli turkshunos olim sifatidagi faoliyati, o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan tarjimalari, tadqiqotlarining mazmuni, tuzilishi, turkiy xalqlar og‘zaki ijodi namunalari o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarning qiyosiy tahlilillari haqidagi ma’lumotlar tavsiflanadi. Jahon folklorida o‘zbek folkloriga qiyosiy yondashuv asoslari va usullari Karl Rayxlning ingliz tiliga tarjimasi va tadqiqotlari misolida belgilab berilgan.

 

 Bundan tashqari jurnalda bir-biridan qiziqarli va muhim ahamiyatga ega bo’lgan M. Mamatqulovning “Sayyodiyning “Tohir va Zuhro” dostonida pari obrazi talqini”,  M. Abduraxmonovaning “Ramz tasnifi xususida”, Sh. Karamovaning “Erkin Vohidovning aruzdagi mahorati”, N.  Erkinovaning “Eshqobil Shukurning so‘z qo‘llash uslubi”, A. Toshpulatovning “Turkiy xalqlar adabiyotida “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining o‘rni”, A. Rohataliyevning “Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyatining Erkin Vohidov ijodiga ta’siri”, M. Muxtorovning “Xazoyin-ul-maoniy”da musiqa ilmiga oid so‘z va istilohlar”, B. To‘xliyevning  “Munshaot” ila muloqotning mushohadaga mukofoti”, H. Shokirovaning “Navoiy “Xamsa”sining bir nodir qo‘lyozmasi tavsifi”, D. Kalandarovaning “Karl Reichl – is a researcher of uzbek folklore”, M. Sulaymonovning  “Hofiz Xorazmiy lirikasida kitobat san’ati”, N. Hoshimovaning “Ijodkor mahorati va badiiy talqin”, Q. Sodiqovning “Olim umrining mazmuni” kabi maqolar o‘rin olgan. O‘ylaymizki jurnalning mazkur soni ham sizga  ma’qul keladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!