22-may Xalqaro bioxilma-xillik kuni sifatida keng nishonlanadi. Mamlakatimizda tabiat muhofazasi, ekologik barqarorlik va bioxilma-xillikni saqlash, qayta tiklashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur yoʼnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida OАV vakillari uchun joriy yil 21-may kuni Oʼzbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni oʼrganish, elektron hujjatlashtirish va tadqiqotlarning amaliy natijalarini amaliyotga tadbiq qilish borasidagi ilmiy faoliyat yoʼnalishlari bilan bevosita tanishish maqsadida Botanika instituti Oʼzbekiston Milliy gerbariysi (TASH) hamda Botanika bogʼida tashkil etilgan Toshkent piyozlar bogʼi (Global Allium Garden) ga press-tur uyushtirildi.
Press-tur ishtirokchilari dastlab Oʼzbekiston Milliy gerbariysi, u yerdagi ilmiy xodimlarning ish jarayoni, gerbariyni yanada boyitish va uni raqamlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Oʼzbekiston Milliy gerbariysi Markaziy Osiyodagi eng yirik botanik kolleksiya, dunyodagi 3750 dan ortiq gerbariylar orasida birinchi 30 talik tarkibiga kiruvchi noyob ilmiy obyekt hisoblanadi. 1830-1835-yillardan boshlab toʼplangan bu gerbariy kolleksiyasi hozirgi kunga kelib 1.5 mln dan ortiq namunalarni oʼz ichiga olgan va bu koʼrsatkich bilan Osiyo mintaqasidagi yirik 4 ta gerbariylar qatoriga kiradi. Oʼzbekiston milliy gerbariysi Index Herbariorum (http://sweetgum.nybg.org/science/ih/) katalogida TASH akronim bilan roʼyxatdan oʼtgan.
Oʼzbekiston hududidan terilgan dastlabki namunalar 1900-1905-yillarga toʼgʼri keladi. Аyni paytda esa mamlakatimiz sarhadlaridan toʼplangan gerbariy namunalari Milliy gerbariyning asosiy qismini tashkil etadi. Gerbariyning Tiplar kollektsiyasi 3000 dan ortiq namunalarni oʼz ichiga oladi va ular fan uchun yangi deb topilgan oʼsimlik turlarining ilk namunalari, yaʼni, shu oʼsimlik turining “pasporti” hisoblanadi. Tip namunalari kollektsiyasi toʼliq raqamli formatga oʼtkazilgan.
Oʼzbekiston Milliy gerbariysi mamlakatimizdagi botanik tadqiqotlarning asosi hisoblanadi. Flora, oʼsimliklar sistematikasi va geografiyasi, oʼsimliklar qoplami, resursshunoslik borasida olib boriladigan barcha tadqiqotlar aynan gerbariy fondiga tayanadi. Bundan tashqari, botanika faniga yondosh boʼlgan bir qator fan yoʼnalishlari, jumladan, biokimyo, farmatsevtika, genetika borasidagi tadqiqotlarda ham gerbariy kollektsiyasining oʼrni ortib bormoqda.
Soʼngra press-tur ishtirokchilari 2018-yilda “Bir makon - bir yoʼl” tashabbusi doirasida va boshqa tashkilotlarning 12 yetakchi olimlari va rahbarlari bilan hamkorlikda OʼzR FА Botanika instituti huzuridagi akad. F.N.Rusanov nomidagi Botanika bogʼida tashkil etilgan Global Allium Garden Toshkent markazida ham boʼlishdi. Аyni paytda Piyozlar bogʼida Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz va Oʼrta Yer dengizi florasiga mansub 100 dan ortiq turlar parvarish qilinmoqda.
Markaz dunyo florasidagi yovvoyi piyoz turlarini saqlab qolish Global Allium Garden xalqaro dastur doirasida tashkil etilgan va Markaziy Osiyodagi yovvoyi piyozlarni oʼrganish va saqlab qolish vazifasini bajarishga ixtisoslashtirilgan.