Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

22-may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni


“22-may – Xalqaro biologik xilma-xillik kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov Buxoro shahridan qariyb 100 kilometr uzoqlikda cho‘l hududida joylashgan Emirates bird breeding centre for conservation - E.B.B.C.C Amirliklar tomonidan yaratilgan Yo‘rg‘a tuvaloq markazida xizmat safarida bo‘ldi.

Markaz Birlashgan Arab amirliklari shayx Ali Saad tashabbusi bilan 2006 yil tashkil etilgan. E.B.B.C.Cning asosiy faoliyati O‘zbekistonda Yo‘rg‘a tuvaloq populyatsiyasining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, ularni saqlash, ko‘paytirish va tabiatga qaytarish ishlarini amalga oshiradi.

Bugungi kunda markaz tomonidan molekular genetik tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Markaz tuxumlarni va navqiron yoshdan toki yetuk davrigacha bo‘lgan qushlarni parvarishlash, ularni turli kasalliklardan himoya qilish  bilan shug‘ilanmoqda.

Bugungi kunda markazda 2300 dona navqiron yoshdagi qushlar va inkubatsiyada 3000 dan ortiq tuxumlarni parvarish qilinmoqda. 

                 

Markaz tomonidan 2018-yili 2000 dan ortiq qushlar tabiatga qo‘yib yuborilgan. 

YO‘RG‘A TUVALOQ (Drofa-krasotka) - kamayib borayotgan, uchib o‘tuvchi sharqiy kenja tur. TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [VU].

Tarqalishi. Ustyurt yassi tekisligi, Qizilqum sahrosi va Qarshi cho‘li (uyalash, ko‘chish), Janubiy Qizilqum (nomuntazam qishlash), Mirzacho‘l (o‘tmishda uyalash, ko‘chish). O‘zbekistondan tashqarida: Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkazorti, Misr, Farbiy Osiyo, Oltoy va Mo‘g‘uliston (uyalash), Farbiy Osiyo janubi va Hindiston (qishlash), Markaziy Osiyoning janubi (nomuntazam qishlash). Shimoliy Afrika, Kanar orollarida – boshqa kenja turlari.

Yashash joylari. Cho‘llarning barxanli, sho‘rxok qismi (uyalash), vohalardan tashqari barcha tekisliklar (uchib o‘tish).

Soni. 1,5-3 ming donasi uyalaydi (harbirkvadrat kilometrda 0,05-0,4 dan), 20 mingga yaqini uchib o‘tadi. 1960-yillarda soni va areali qisqargan; 1980-yillardan boshlab qisqarishi keskinlashgan. 2010-yili Mirzacho‘lda tadqiqot o‘tkazilganda ushbu tur topilmagan. So‘nggi yillarda qishlov mavsumida ko‘proq uchray boshladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, dunyodagi populyatsiyasi (33-67 mingta) keyingi yillarda 39-40% ga kamaygan.

Yashash tarzi. Bahorgi uchib kelishi – fevral-mart oyida. Aprel-may oyida yerga 2-5 ta tuxum qo‘yadi va 21-24 kun bosib yotadi. Poloponlari iyun-iyul oyida ucha boshlaydi. Kuzgi uchib o‘tishi – avgust-noyabr oyida. O‘t va o‘t urug‘i, umurtqasizlar, mayda kemiruvchilar va sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar. Qishloq xo‘jaligi rivojlanishi, sanoat o‘zlashtirilishi, shaharlar va aholi punktlarining o‘sishiga bog‘liq ravishda qo‘riq yerlarning o‘zlashtirilishi (1960-yillardan), brakonerlik. Uchib o‘tish va uyalash davrida qurol va lochinlar yordamida ruxsatsiz ovlash(1980-yillardan), tuxumi va poloponlarini yig‘ish, elektr uzatish liniyalarida nobud bo‘lishi.

Ko‘paytirish. O‘zbekistondagi ikkita parvarishxonada yo‘rg‘a tuvaloq ekologiyasi va ularni ko‘paytirish hamda muntazam ravishda yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Janubiy Qozog‘istonda ham tutqunlikda voyaga yetkazilgan qushlar tabiatga qo‘yib yuborilmoqda. Shuningdek, Isroil va Saudiya Arabistoni parvarishxonalarida ham ko‘paytiriladi.

Muhofaza choralari.Ovlash taqiqlangan. Qarnabcho‘l buyurtmaxonasi va “Jayron” ekomarkazida muhofaza ostiga olingan. SITES ning I ilovasiga kiritilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!