Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

2021-yil davomida Fanlar akademiyasi tizimida amalga oshirilgan ishlarga bag'ishlangan brifing o'tkazildi


Bugun, 27-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2021-yil davomida Fanlar akademiyasi tizimida amalga oshirilgan ishlarga bag'ishlangan brifing o'tkazildi.

Hozirda Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zolari – akademiklari soni 68 nafarni tashkil etadi. 2022-yil bugungi kun holatiga ko'ra Fanlar akademiyasining umumiy xodimlari soni 5413 nafar, shu jumladan, 2922 nafar ilmiy xodim, ulardan 506 nafar fan doktori, 868 nafar fan nomzodi/PhD, 1555 nafar muhandis-texnik va xizmat ko'rsatuvchi xodimlar, 100 nafar stajyor-tadqiqotchilar faoliyat yuritadi. Doktoranturada ta'lim oluvchilarning umumiy soni 610 nafar, jumladan, 59 nafar doktorant (DSc) va 551 nafar tayanch doktorant (PhD)ni tashkil etadi. 130 nafar mustaqil tadqiqotchilar o'z dissertatsiyalari ustida ish olib bormoqda.

“El-yurt umidi” jamg'armasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi jamg'armasi dasturlari doirasida 100 ga yaqin xodimning o'qish va qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari tashkil etildi;

ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida xalqaro “Web of Science”, “Scopus” bazasidagi nufuzli ilmiy jurnallarda 500 ga yaqin ilmiy maqolalar chop etildi.

70 ga yaqin o'quv qo'llanmalar, 200 ga yaqin monografiyalar, shulardan 20 tasi xorijda nashr qilindi;

75 ta ilmiy ishlanmaga patentlar va 89 ta dasturiy mahsulotlar uchun guvohnomalar, shuningdek, 2 ta ishlanmaga Rossiya Federatsiyasi patenti olindi;

Fanlar akademiyasi va tegishli tashkilotlar hamkorligida “O'zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta'minlash to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ishlab chiqildi va qabul qilindi.

seysmik faol hududlarda joylashgan bino va inshootlarning “Elektron texnik pasport” axborot tizimi ishga tushirildi;

“O'zbekiston seysmologik atlasi” hamda “O'zbekiston hududining seysmik risk xatirasi” ishlab chiqildi;

Fanlar akademiyasi tarkibida Energetika muammolari instituti tashkil etildi;

O'zbekistonda birinchi marta “Yashil texnologiyalar vodiysi” ilmiy-texnologik Konsortsiumi taqdimoti hamda “Fizika-2021” Forumi o'tkazildi;

  faol nanokompozitsion qo'shimchali plyonka ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi;

sifilis, gepatit va OITSni aniqlashda ishlatiladigan diagnostikumlarni ishlab chiqaradigan kichik korxona tashkil etildi;

 “ROSSA” biotexnologiya kompaniyasi bilan birgalikda GMO-nishonlarga PZR reaktivlar to'plamini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;

 Rutan dori vositasi o'rtacha og'irlikdagi COVID-19 shakli uchun samarali dori vositalari davolash standaritga kiritildi va ishlab chiqarilmoqda;

mahalliy o'simliklar asosida yaratilgan 4 ta dori vositasi tibbiyot amaliyotiga joriy qilindi;

mahalliy mikroorganizmlar shtammlari asosida import o'rnini bosuvchi qishloq xo'jaligi va farmatsevtika uchun biopreparatlar tajriba-ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi;

qishloq xo'jaligi uchun 8 ta biopreparatlar amaliyotga joriy qilindi;

uzum va anor navlarining in vitro sharoitida viruslardan holi va sog'lomlashtirilgan ko'chatlarini ko'paytirish texnologiyasi yo'lga qo'yilib, fermerlarga ko'chatlar yetkazib berilmoqda;

7 ta yangi o'simlik turlari, 20 dan ortiq turlarning yangi populyatsiyalari aniqlandi;

gulli o'simliklarning zamonaviy filogenetik sistemasiga asoslanib “O'zbekiston florasi” ning yangi tahrirdagi 3 ta jildi chop etildi;

o'simliklar xilma-xilligining davlat kadastrini yuritish tizimi shakllantirildi va Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlari kadastri nashr etildi;

O'zbekistondagi istiqbolli dorivor o'simliklarning interaktiv atlasi yaratildi;

DNK-shtrix-kodlash texnologiyasidan foydalangan holda O'zbekistonning noyob va yo'qolib ketish xavfi ostida bo'lgan 4 turkumga mansub 31 o'simlik turlari 60 ta namunada barkodlandi;

O'zbekiston Milliy gerbariysining virtual ko'rinishi hamda “Zoologiya kollektsiyasi”ning to'liq elektron katalogi yaratildi va sayti ishga tushirildi (http://collection.zoology.uz/);

“Molekulyar biotexnologiya” hamda “Ko'mir kimyosi va texnologiyasi” ilmiy yo'nalishlari bo'yicha tadqiqotlar yo'lga qo'yildi;

O'simlik moddalari kimyosi instituti tomonidan “O'zbekiston kimyogarlar jamiyati” hamda Botanika instituti tomonidan “Botaniklar jamiyati” tashkil etildi va Adliya vazirligida ro'yxatdan o'tkazildi;

Katta Qirqqiz qal'a, Kat qal'a, Ko'hna Qal'ajiq qal'a, Qizilqum cho'lining janubiy-sharqida joylashgan Oyoqog'itma botig'i atrofida, Jonkeldida, Muzbel hamda Ko'kshashir daralarida, Mingtepada yangi arxeologik yodgorliklar va topilmalar aniqlandi va o'rganildi;

Bundan tashqari, Samarqand viloyatining Kofirqal'a, Namangan viloyatining Axsikent, Jizzax viloyatining Toshbuloq, Surxondaryo viloyatining Qadimgi Termiz yodgorliklarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar xalqaro miqyosda e'tirof etildi, ular O'zbekistonga turistlar oqimini jalb etishga xizmat qilmoqda;

“O'zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida“ kitob-albomi, “O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan hissasi” kitobi, “O'zbekistonning amaliy san'at durdonalari” kitob-albomi, “Xalqaro atama elementlarning izohli-illyustrativ lug'ati”, “Davlat tilida ish yuritish”  amaliy qo'llanmasi, “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug'ati”, “O'zbek folklorshunosligi” kitoblari nashr qilindi.

Yadro magnit rezonansi spektrometri xarid qilindi va ishga tushirildi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil 1-noyabrdagi “Ilmiy-tadqiqot muassasalarining infratuzilmasini yanada mustahkamlash va innovatsion faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 3365-sonli qarori asosida Polimerlar kimyosi va fizikasi institutiga tibbiyotda ishlatiladigan polimer tarkibli preparatlar olishda qo'llaniladigan qurilma, Bioorganik kimyo institutiga invertorli fluoresan mikroskopi, Xorazm Ma'mun akademiyasiga universal o'ta sezgir differentsial skanerlovchi kalorimetr, Avtomatik raqamli refraktometr, Mufel pechi, Materialshunoslik institutiga Sinxron termoanalizator va Rentgen difraktometr, Astronomiya institutiga astronomik teleskoplar uchun kameralar tizimi, Yadro fizikasi institutiga 3 turdagi hamda Umumiy va noorganik kimyo institutiga 6 turdagi ilmiy asbob-uskunalar keltirildi va ishga tushirildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!