Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, tarixchi-arxeolog olim Ahmadali Asqarov bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda olimning shogirdlari, professor-oʻqituvchilar, yosh izlanuvchilar, talabalar ishtirok etdi.
Yurtimizda ilm-fan, madaniyat rivoji yoʻlida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimiz tarixini oʻrganish, xususan, arxeologik izlanishlar olib borish natijasida ajdodlarimizdan qolgan boy moddiy-madaniy merosimizni tadqiq etish ishlari jadallashmoqda. Ilm-fan yutuqlarining samarali tashkil etilishida olimlarimizning hissasi beqiyos.
A.Asqarov yurtimizda nafaqat arxeologiya yoʻnalishida, balki tarix fanining taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan olimlardan biridir. Akademik mamlakatimiz fani va madaniyati taraqqiyoti yoʻlidagi samarali mehnati sabab Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. Tarixchi uch jildli “Oʻzbekiston tarixi” kitobi, “Oʻrta Osiyo tarixiy antropologiyasi”, “Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi”, “Janubiy Oʻzbekistonda bronza davri” kabi maʼlumotlarga boy monografiyalar, 450 dan ortiq risolalar va ilmiy maqolalar muallifidir. Olimning asarlari rus, nemis, fors va boshqa tillarga tarjima qilingan.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda arxeologiya fanining rivojlanishi, muhim arxeologik manzillar, arxeologiya fanini oʻrganishning ahamiyati, keyingi yillarda olib borilayotgan arxeologik izlanishlar kabi mavzularda soʻz bordi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga tarixchi-arxeolog olimdan toʻliq javob oldi.
http://uza.uz/oz/society/tarikhchi-olim-bilan-uchrashuv-07-09-2018