Yaqinda Rossiya telekanali Yer sayyorasiga ulkan asteroidning yaqinlashayotganligi va u 2019-yil 1-fevralda Yerga urilishi, buning oqibatida ulkan falokatlar kuzatilishi haqidagi video materiallarni tarqatdi. Fanlar Akademiyasi axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, bu xabar bilan tanishib chiqqan O‘zR FA Astronomiya instituti olimlari uning mutlaqo yolg‘on ekanligini ma’lum qilgan. Bu haqda O‘zA xabarida aytiladi.
Foto: O‘zA
Yerga yaqinlashuvchi asteroidlarning ro‘yxati astronomlarga avvaldan ma’lum va ular bu boradagi ma’lumotlarni muntazam monitoring qilib borishadi.
2019-yilning aprel oyigacha Yerga yaqinlashishi kutilayotgan asteroidlarning soni 20 dan ortiq bo‘lib, ularning o‘rtacha yaqinlashish masofasi 5 million kilometrni tashkil etadi. 2019-yil 1-fevralda Yerga yaqinlashuvchi asteroid shu yilning yanvar oyida ochilgan bo‘lib, unga 2019AV2 dastlabki nom berilgan. Uning o‘lchami 150-340 metrni tashkil etib, u Yerga 6 million kilometrgacha yaqinlashadi.
Bunda uning trayektoriyasi Yerga yo‘naltirilgan chiziqqa tik yo‘nalishda bo‘ladi. Asteroidning bunday masofada yaqinlashuvi va yuqoridagi trayektoriyaga egaligi tufayli u Yerga hech qanday xavf tug‘dirmaydi.
Rossiya telekanali xabarida Yerga yaqinlashayotgan asteroid galaktikalararo fazodan kelmoqda, deyilgan. Bu fikr xabarning yolg‘onligidan darak beradi. Chunki asteroidlar Quyosh tizimi a’zolari bo‘lib, ularning boshqa galaktikalarga aloqasi yo‘q.