O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti (2017-yil 10-yanvardan - hozirgi vaqtga qadar)
1945-yil 9-mayda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1968-yilda Toshkent davlat universitetining yadro fizikasi fakultetini imtiyozli tugatgan, 1971-yilda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna)da nomzodlik, 1981-yilda fizika-matematika fanlari doktori dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘zR FA Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim, Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, Yadro fizikasi instituti direktori (1990-2006-yy., 2017-2020-yy.), O‘zR FA prezidenti (2000-2005-yy., 2017-yilda hozirgi vaqtga qadar) lavozimlarida ishlagan. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE, Vena, Avstriya)ning fan bo‘yicha maslahatchisi hamda Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (Dubna) bosh ilmiy xodimi lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Vashington va Stenford universitetlarida (AQSh) hamda Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida (Dubna, Rossiya) taklif etilgan professor sifatida ilmiy tadqiqotlar olib borgan, Toshkent davlat universitetida Yadro fizikasi kafedrasi mudiri bo‘lgan (1995-2000-yy.).
Fermilab (AQSh) va TRIUMF (Vankuver, Kanada) milliy tezlatgichlar laboratoriyasida xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan bajarilgan ikkita ilmiy tajribaga rahbarlik (spokesman) qilgan. Hozirgi paytda Yevropa yadro tadqiqotlari markazining (CERN, Jeneva, Shveytsariya) Katta Adron kollayderida (Large Hadron Collider) va Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida olib borilayotgan tadqiqotlarda ishtirok etmoqda.
Yadroviy xavfsizlikni mustahkamlash va yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha amaliy yechimlar ishlab chiqish yuzasidan yirik loyihalarga rahbarlik qilgan.
1990-2006-yillarda va 2017-2020-yillarda O‘zR FA Yadro fizikasi instituti direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Asosiy ilmiy-tashkiliy faoliyati elementar zarralar fizikasi, yadro fizikasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va tibbiyot sohalarida yadro texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi.
400 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan 3 ta monografiya va 20 dan ortiq ixtirolar muallifi. Ilmiy rahbarligida 9 nafar fan doktori va 30 ga yaqin fan nomzodlari tayyorlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi (2000-y.), O‘zR FA muxbir a’zosi (1994-y.), fizika-matematika fanlari doktori (1981-y.), professor (1987-y.). Beruniy nomidagi O‘zSSR davlat mukofoti laureati (1983-y.), Xalqaro ESO mukofoti laureati (2004-y.). Amerika fiziklari jamiyati a’zosi, Indiana, Vashington (AQSh) va Kembridj universitetlari (Buyuk Britaniya) faxriy doktori (fellow), Islom dunyosi akademiyasi (IAS) akademigi, Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (OIYaI, Dubna shahri, Rossiya) faxriy doktori, Xalqaro fanlar akademiyalari assotsiatsiyasi akademigi (MAAN), Rossiya Fanlar akademiyasi va Qozog‘iston Milliy fanlar akademiyasi xorijiy a’zosi, Rossiya Ta’lim va fan vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi a’zosi (1995-2005-yy., 2019-yildan hozirgi vaqtga qadar). O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Parlament a’zosi - senatori (2001-2005-yy., 2020-yildan hozirgi vaqtga qadar).
“Mehnat shuhrati” hamda "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari bilan taqdirlangan. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog'iston Respublikasi "Fan arbobi" faxriy unvoniga ega.