Aksaritmin – yurtimizda yaratilgan yurak aritmiyasi kasalliklarini davolovchi yangi dori vositasi. O‘zR FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti olimlari tomonidan yaratilgan ushbu dori vositasi dunyoda keng tarqalgan shimol parpisi o‘simligi ildizi va ildizpoyasidan olingan. Bu dori vositasi substantsiyasi sanoat miqyosida FA O‘simlik moddalari kimyosi instituti Tajriba ishlab chiqarish korxonasi bazasida seriyali ravishda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu dori vositasining tayyor shakli (qobiqlangan tabletkalar, 0,025 gr, №30) Institut bilan tuzilgan litsenzion shartnoma asosida “O‘zkimyofarm” AJda seriyali ravishda respublikamiz tibbiyoti talabini to‘liq qoplash uchun ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Dori vositasi respublikamiz tibbiyoti talabini to‘liq qoplash uchun yetarli miqdorda xom-ashyo bazasiga ega. Hozirda dori vositasini chet ellarga eksport qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Aksaritmin dori vositasini Rossiya Federatsiyasi hududida ro‘yxatdan o‘tkazish maqsadida ZAO “Farmsentr VILAR” (Moskva sh.) farmasevtik kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Institut Tajriba ishlab chiqarish korxonasi ushbu dori vositasi substantsiyasini nafaqat respublikamiz miqyosida, balki chet ellarga eksport qilish uchun katta miqdorlarda ishlab chiqarish salohiyatiga ega.