Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yumshoq bugʼdoyning “Pahlavon” navi yuqori avlodlarda yakka va oilaviy tanlov yoʼli bilan yaratilgan. Nav 2014-yilda Toshkent va Fargʼona viloyatlariga 2015-yilda Sirdaryo viloyatiga istiqbolli nav sifatida Davlat reestriga kiritilgan. 2020-yildan respublikaning Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Fargʼona viloyatlariga rayonlashtirilgan.
“Pahlavon” navi 2021-yilda Sidaryo viloyati Bayovut tumani urugʼchilik fermer xoʼjaliklarida koʼpaytirilib, gektariga oʼrtacha 55 sentnerdan hosil olindi va 280 tonna superelita urugʼi tayyorlandi. Tayyorlangan urugʼlik elita urugʼchilik xoʼjaliklarida 2022-yil hosili uchun ekildi.
Institutning Pskent tajriba stantsiyasida “Pahlavon” navining birinchi yil urugʼ koʼpaytirish koʼchatzori tashkil etilib, 26 tonna orginal va 3,6 tonna birinchi yil koʼpaytirish urugʼi tayyorlandi. Tayyorlangan urugʼlikning 26 tonna orginal (2 yil koʼpaytirish) urugʼlari Fargʼona viloyati Bogʼdod tumani urugʼchilik fermer xoʼjaliklariga realizatsiya qilindi.
“Pahlavon” navi kamsuvlik va shoʼrga chidamli, zang kasalliklariga esa oʼrtacha chidamli. Bu navning boshqa navlardan farqi shundaki, u mahalliy sharoitga moslashgan, oʼrta pishar va oʼrta boʼyli (100-110sm), yotib qolishga chidamli, donining non boʼlish sifati yuqoriligi bilan bir vaqtda somonining yumshoqligi va sifatining yuqoriligi chorvachilikda yem-xashak sifatida foydalanish imkoniyatini beradi.