O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan Materialshunoslik instituti faoliyatini modernizatsiyalash doirasida Katta Quyosh qurilmasi noyob ilmiy obyekti negizida “Yashil texnologiyalar vodiysi” xalqaro ilmiy xabi (konsortsiumi)ni tashkil etish tashabbusi ishlab chiqildi.
Mazkur tashabbus, O‘zbekistonda ilg‘or va ekologik toza texnologiyalarni rivojlantirishning katalizatoriga aylantirish, yetakchi xorijiy olimlarni jalb qilish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mavjud ilmiy salohiyatni o‘ta dolzarb ilmiy masalalarni hal etishga safarbar etish imkonini yaratadi.
Konsortsiumga, Fanlar akademiyasidan Fizika-texnika instituti, Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti, Yadro fizikasi instituti, Umumiy va noorganik kimyo instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti taklif etilgan.
 
 
 
Materilshunoslik institutida mazkur Konsortsium a’zolarining yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Konsorsiumning eng muhim vazifalaridan hisoblangan yashil vodorod energetikasi texnologiyalari va materiallarini ishlab chiqish, yuqori texnologik sohalar uchun (aviatsiya, energetika, transport, mikroelektronika va boshq.) xususiyatlari oldindan belgilangan smart materiallarni, shuningdek o‘ta yengil va o‘ta mustahkam yangi materiallar avlodini sintez qilish, yadroviy va termokiyoviy usullar bilan nanotublar ishlab chiqarishni tashkil etish kabi dolzarb ilmiy yo‘nalishlar muhokama qilindi.
“Yashil texnologiyalar vodiysi” xalqaro ilmiy xabiga Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) Koreya Test va mertifikatlash markazi (KTC), Xitoyning Tyanьtszin universiteti, Xeyfeydagi Fan va texnologiyalar universiteti, Drezden texnika universiteti (Germaniya), Butunrossiya aviatsion materiallar instituti kabi ilg‘or ilmiy markazlar ham taklif qilingan.
“Yashil texnologiyalar vodiysi” xalqaro ilmiy xabini tashkil etish tashabbusi — O‘zbekiston fan sohasini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion rivojlanishga ilmiy asos yaratish hamda mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishida muhim o‘rin tutadigan strategik qadamdir. Bu tashabbus, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, yuqori texnologiyali sohalarda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, “yashil iqtisodiyot” va energiya samaradorligi yoʼnalishlarida yangi yechimlarni ishlab chiqish imkonini yaratadi.