2018-yil 6-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018-yil 6-aprelda OʻzR FA Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida olimlar bilan oʻtkazgan uchrashuv bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda FA bosh ilmiy kotibi, ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari hamda yetakchi olimlar ishtirok etdi. Matbuot anjumanida FA bosh ilmiy kotibi Gʻ.Baxadirov joriy yil 6-aprelda Davlatimiz rahbari bilan boʻlgan uchrashuv Fanlar akademiyasi olimlari uchun katta ahamiyatga ega boʻlganligini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, FA Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti direktori Sh.Sagdullayev soʻzga chiqib, Institutda tajriba-ishlab chiqarish jarayoni xalqaro GMP standartiga muvofiq modernizatsiya qilinayotganligi va buning natijasida yiliga 500 tonnadan ziyod oʻsimlik xom ashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyatini yaratilganligi haqida so`zladi. Joriy yildan 30 dan ortiq tabiiy toza, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop dori vositalari ishlab chiqarish imkoniyatini berishini ta’kidlab oʻtdi.
Anjuman ishtirokchilariga Prezident topshirigʻi asosida bajarilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.