Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Yana bir oʻzbek olimi Butunjahon Fanlar akademiyasi aʼzoligiga saylandi


Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti nazariy astrofizika boʻlimi boshligʻi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Ahmedov Bobomurat Jurayevich Butunjahon Fanlar akademiyasi (The World Academy of Sciyences, TWAS) aʼzoligiga saylandi.

TWAS akademiyasi 1983 yilda Nobel mukofoti laureati, nazariyotchi fizik olim Abdus Salam tashabbusi bilan dunyoda fan va texnikaning barqaror rivojlanishiga hissa qoʻshish maqsadida tashkil etilgan. Uning aʼzosi boʻlish – bu jahon miqyosidagi olim boʻlishni anglatadi.

Butunjahon fanlar akademiyasining 2018-yil 27-noyabrda Italiyaning Triyeste shahrida boʻlib oʻtgan 28-Bosh assambleyasida dunyoning 104 ta mamlakatidan 46 nafar yangi aʼzolar saylangan, shular orasida Oʻzbekiston Respublikasidan B.J.Axmedov ham bor.

Ahmedov Bobomurat Jurayevich – fizika-matematika fanlari doktori, professor, Astronomiya institutining nazariy astrofizika boʻlimi boshligʻi, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy Universiteti professori hamdir. Uning asosiy ilmiy ishlari gravitatsiya nazariyasi, umumiy nisbiylik nazariyasi, relyativistik astrofizika va kompakt gravitatsion obyektlar fizikasi sohasidadir. U gravitatsiya nazariyasi, maydonlar nazariyasi, relyativistik va yadro astrofizikasi sohalarida yuqori ilmiy-pedagogik tajribaga ega va shu kungacha uning muallifligiva hammuallifligida 200 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan.

Bobomurat Ahmedov – 2017-yilda ilmiy ishlariga eng koʻp havola qilingan muallif («Highly Cited Author», Web of Sciyence), 2018 yilda esa “Yil olimi-2018”(«Researcher of the Year», Scopus) hamda 2012 yilda “Mehnat shuhrati” orderi bilan mukofotlangan. Shuningdek, u Markaziy Dehli Universitetining faxriy professori, Italiyaning Triyeste shahridagi Хalqaro nazariy fizika markazining relyativistik astrofizika va gravitatsiya sohasida mantaqaviy koordinatori, Hindistonning Universitetlararo astronomiya va astrofizika markazi va TATA fundamental tadqiqotlar institutining aʼzosi hamdir. Bundan tashqari, olim CNR, DAAD, TWAS, ICTP, Volkswagen, Erasmus+ kabi bir qator nufuzli tashkilotlarning xalqaro grantlari rahbari va 20 dan ortiq xalqaro nufuzli ilmiy jurnallar taqrizchisi va "Arabian Journal of Mathematics" Springer ilmiy jurnalining redaktoridir.

Bobomurat Ahmedov Oʻzbekistonda relyativistik astrofizika sohasida yangi ilmiy maktab yaratgan boʻlib, u allaqachon xalqaro eʼtirofga sazovor boʻlgan va ushbu maktabdan bir qator fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqqan, koʻplab isteʼdodli yosh olimlar tarbiyalanib kelmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!