Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Yadro magnit rezonansi spektrometri ishga tushirildi


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2019-yil 24-may kuni Oʼzbekiston Milliy universitetida ilm-fan sohasi vakillari bilan boʼlib oʼtgan uchrashuvida berilgan topshirig’i asosida Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Oʼsimlik moddalari kimyosi institutiga Yaponiyadan JNM-ECZ600R 600 MGts (Megagerts)li yangi Yadro magnit rezonansi spektrometri va JNM-ECZ400R konsoli olib kelindi.

Hozirgi vaqtda ushbu uskunalar OʼzR FA Oʼsimlik moddalari kimyosi institutining Fizikaviy tadqiqot usullari laboratoriyasiga oʼrnatildi va ishga tushirildi.

Ishchi chastotasi 600 MGts boʼlgan mazkur Yadro magnit rezonansi spektrometri nafaqat respublikamizda, balki Oʼrta Osiyoda yagona hisoblanadi.

YaMR spektrometrida olingan spektral maʼlumotlar organik kimyo, farmatsevtika, tibbiy kimyo, kimyo va oziq-ovqat sanoati hamda oʼsimliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqish sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarda kimyoviy molekulalarning tuzilishini va stereokimyosini tadqiq qilishda, istiqbolli biologik faol birikmalarni aniqlashda va ularning kimyoviy modifikatsiyalarini, transformatsiyalarini va sintez mahsulotlarini ham sifat ham miqdor jihatidan tadqiq qilishda, “tuzilish-faollik” bogʼliqlikni oʼrganishda, shuningdek, dori vositalarini oʼzaro va biologik nishonlar bilan taʼsirlashish mexanizmlari hamda metabolizm mexanizmlari, ularning ishlab chiqarilishini nazorat qilish va preparatlarning standart namunalarini tayyorlash uchun ahamiyatli.

 

Yangi organik birikmalarning zamonaviy YaMR spektrlari natijalari asosida impakt faktori yuqori boʼlgan nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalarni nashr etish, birinchi marta olingan birikmalar (jumladan, dori vositalari) uchun farmatsevtika ilmiy-texnik hujjatlari va patentlarini rasmiylashtirish ishlari olib boriladi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!