Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti ВВР-СМ rusumidagi tadqiqot reaktorining 60-yilligiga bag‘ishlangan 4 kun davom etgan “Yadro fizikasi va yadroviy texnologiyalarning hozirgi zamon muammolari” (“Modern Problems of Nuclear Physics and Nuclear Technologies”) mavzusida an’anaviy IX Xalqaro konferensiya o‘z ishini yakunladi.
Bugungi kun fanida elementar zarralar va atom yadrosi fizikasi, yadroviy texnologiyalar va yadroviy energetika, kondensirlagan holat fizikasi ilmiy yo‘nalishlarida erishilgan natijalar va ularning istiqbollari hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish va bu masalalar atrofida dunyo olimlari hamjixatligini kuchaytirish konferentsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Konferensiya ishida elementar zarralar va atom yadrosi fizikasi, yadroviy texnologiyalar va yadroviy energetika, kondensirlangan materiallar radiatsion fizikasi, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik kabi masalalar muhokama qilindi.
Ushbu xalqaro konferensiyada dunyoning 18 mamlakatidan 180 nafarga yaqin olimlar ishtirok etdi.
Bo‘lib o‘tgan konferensiyaning o‘ziga xosligi shundaki, unda 2 ta yirik mavzu, yadroviy energetika va yadroviy tibbiyot mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mavzular zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan O‘zbekistonning yaqin kelajagi uchun o‘ta muhim hisoblanadi.