Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Xotira…


Texnika fanlari doktori, professor, taniqli olim, fidoyi inson, kolloid kimyo fanining rivojiga salmoqli hissa qo`shgan ulug` darg`alardan biri, aziz ustoz Xalqaro ekologiya va hayot xavsizligi fanlari akademiyasi akademigi Anvarxo’dja Ataxo’djayevich Agzamxo’djaev hayot bo`lganlarida bugun 8 fevral sanasida qutlug` 85 yoshni qarshu olar edilar.

1938 yil 8 fevralda tavallud topgan ulug` ustoz Anvarxo’dja Ataxo’djayevich Agzamxo’djaev uzoq yillar davomida O`zR FA ning Umumiy va noorganik kimyo institutining ilmiy faoliyati bilan yonma yon tarzda Institutning boshqaruv tizimida ilmiy ishlar bo`yicha direktor muovini lavozimida ishlab kelgan.

1988 yildan 2016 yilgacha bo`lgan davrda 28 yil davomida “Kolloid kimyo” laboratoriyasi mudiri sifatida kolloid kimyo yo`nalishida chuqur izlanishlar olib borgan, fundamental va amaliy ishlari bilan ko`p yillar davomida respublikamiz va chet ellarda tan olingan ilmiy maktabga rahbarlik qilib kelgan. A. Agzamxo’djayev dispers sistemalar fizik kimyosi va yuza xodisalari bilan bog`liq bo`lgan past- va yuqori molekulali (suvda eruvchan polimerlar va polielektrolitlar) sirt-faol moddalarning (SFM) maqsadli olinish texnologiyalari muammolarini ishlab chiqishga tatbiq etish masalalari bo`yicha ilmiy izlanish ishlari olib borgan. Agzamxo’djayev tomonidan SFMlarini tanlab olish va ularni ratsional qo`llanishi, ya`ni oldindan mo`ljallangan parametrlar asosida yangi material va sitemalar olish va ularni boshqarish, jumladan gil va ko`mir dispersiyalari, gilli burg`ilash eritmalari, strukturalangan tuproq, grunt, siljuvchi qumlar, keramik massalar, sement eritmalari, emulsiyalar, ko`piklar, lok bo`yoq sistemalari olishning ilmiy asoslari ishlab chiqilgan. Mineral va texnik dispersiyalar uchun ularnining polifunksionallik ahamiyati, molekulyar massasi, eritmada turg`unlik jarayonini boshqarishdagi makromolekula konformasiyasi, maydalik darajasi, qattiq faza zarrachalarining yuza xossalari va g`ovakligi kabi mexanizmlar yechilgan. Flokulyasiya, koagulyasiya va suspenziyalarni cho`ktirish jarayonlarini boshqarish, qovushqoq moddalarini qotirish, grunt va tuproqlarda struktura hosil qilish, Orol va Orolbo`yi siljuvchi qum va tuzli turoq qumlarini mustahkamlash, mo`ljallangan xossaga ega bo`lgan mineral va ko`mir adsorbentlari, to`ldirg`ichlar, qurilish materiallari, burg`ilash eritmalarining optimal sharoitlari ishlab chiqilgan. Ilmiy natijalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti bilan hamkorlikda Ukraina ilmiy markazining STSU №R 225 “Qumni barqarorlashtirish texnikasini tadqiq etish” xalqaro loyihasi amalga oshirilgan.

A.Agzamxo’djayev rahbarligi ostida mahaliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida energiya tejamini ta’minlovchi yangi samarali suv va yog`li muhitda eriydigan sirt-faol moddalar, emulgatorlar, sovuq bitum emulsiyalari, yuqori qovushqoqli bitumlar, emulsion smazkalar va elim materiallari olish texnologiyalari ishlab chiqilgan;

•tuzli qum va tuproqlarni mustahkalashning samarali usullari ishlab chiqilgan, organomineral va uglemineral sorbentlari olingan;

•mahaliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida har xil tabiiy va texnik dispersiyalardan flokulyant, stabilizator, adsorbent, plastifikator sifatida foydalanish uchun bir necha xil yangi sirt-faol moddalar va polielektrolitlar olingan bo’lib Na-KMS sintezi jarayonida unga PAA qo`shish yo`li bilan olingan yangi RS-1 flokulyantini Olmaliq tog`-metallurgiya kombinatining “Mis boyitish fabrikasi”da mis konsentratlarini quyultirish jarayonida sanoat sinovidan o`tkazgan. 

•Angren qo`ng`ir ko`miri asosida yuqori samarali ko`mir adsorbentlari olinib ular Olmaliq tog`-metallurgiya kombinatining «Kauld» ma’dan oqava suvlarini yumshatish va suvdagi natriy, kalsiy ionlaridan, xlorat, sulfatlardan PDK normasigacha tozalanishi aniqlangan hamda suv tarkibidagi mis ionlarini ajratib olishga erishilgan.

•O`zbekiston Angren qo`ng`ir va Shargun tosh ko`mirlari asosida mazut va tabiiy gaz o`rnini bosa oladigan yuqori samarali suvli ko`mir yoqilg`i suspenziyalari (SKYoS) olingan. Olingan yangi yoqilg`i SKYoS Olmaliq tog`-metallurgiya kombinati oltin ajratib olish fabrikasida nodir metall konsentratlarini quritish agregatida sanoat sinovidan o`tkazilgan; misni rafinasiyalash jarayonida ishlatiladigan chetdan olinadigan SMS “Ayna” o`rnini bosaoladigan yangi ID preparati olindi va ushbu preparat yordamida dendrit hosil bo`lish ingibitori sifatida elektrolit tarkibidagi misni rafinasiyalash usuli ishlab chiqilgan

Bugungi kunda Agzamxo’djayev Anvarxo’dja Ataxo’djayevivh yaratgan maktab o`quvchilarining 10 dan ortigi fan doktori, 20 nafardan ortig`i esa fan nomzodlari bo`lib, ulug` ustoz yaratgan ilmiy yo`nalishlarni davom ettirayotgani ustozning mangu hayot ekanligining isbotidir. Ustoz muallifligida ilmiy izlanish natijalari asosida 450 dan ziyod ilmiy maqola va 10 dan ortiq monografiyalar chop etilgan.

Shogirdlari dil ardog`ida mangu barhayot ulug` ustoz, bilim va mahorati bilan ajralib turuvchi yetuk mutaxasis kimyogar olim, ma`naviy maslahatchi, hurmatga sazovor unutilmas shaxs sifatida duolarimizda eslab turiluvchi ustoz murabbiyimiz Anvarxo’dja Ataxo’djayevich Agzamxo’djayevichni pok ruhlari shod bo`lsin.

“Kolloid kimyo va sanoat ekologiyasi” laboratoriyasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Eshmetov Izzat Do`simbatovich, t.f.d., prof. Jumayeva Dilnoza Jo`rayevna, t.f.d., prof. Salihanova Dilnoza Saidakbarovna, k.f.d., prof. Kuldasheva Shaxnoza Abdulazizovna, t.f.d. Eshmetov Rasulbek Jumyazovich va laboratoriya xodimlari.

 

 

Ustoz Agzamxo’djayev Anvarxo’dja Ataxo’djayevich

 

 

 

Ustoz Agzamxo’djayev Anvarxo’dja Ataxo’djayevich suyuq yoqilg`i olish qurilmasini sinovi jarayonida

 

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!