Fanlar akademiyasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, “Olima” uyushmasi hamkorlikda “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” ilmiy-amaliy tadbir tashkil qilindi. Tadbir xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi boshchiligida, BMT tuzilmalari hamkorligida e’lon qilingan “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” nomli 16 kunlik kampaniya doirasida o‘tkazildi. Unda soha mutaxassislari, Fanlar akademiyasi mas’ullari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.



Tadbir doirasida raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashishning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, texnologik va tashkiliy mexanizmlari, ilg‘or tajribalar va amaliy takliflar muhokama qilindi. Zero, raqamli texnologiyalar hayotimizning ajralmas qismiga aylangan hozirgi davrda internet va ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan tahdidlar, kiberbezorilik, shaxsga doir ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish, onlayn ta’qib kabi ko‘rinishlar xotin-qizlar uchun jiddiy ijtimoiy va psixologik muammolarni yuzaga keltirmoqda.
Tadbirda Gender tengligi bo‘yicha ekspert, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Kamola Aliyeva, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shoira Sobirova, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Guljahon Maxmudovalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ma’ruzalarda raqamli zo‘ravonlikning shakllari, raqamli tahdidlarning mehnat unumdorligi, ayollarning iqtisodiy faolligi, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari va psixologik barqarorlikka ta’siri bo‘yicha iqtisodiy tahlillar muhokama qilindi.
Tadbir xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning raqamli shakllarini bartaraf etish, ularni huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.