2023 yilning 10 fevral kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida “Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni”ga bag‘ishlangan ilmiy-maʼrifiy tadbirlar dasturi doirasida “Islomda ayollar huquqlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda institut xodimlari, akademik hamjamiyat, NNTlar, Termiz davlat universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti Huquqshunoslik fakultetlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Anjuman doirasida Islom dinida erkaklar va ayollarning tengligi, ayollarning meros, mahr, nikoh kabi masalalardagi huquq va majburiyatlari, oilaviy munosabatlar hamda shariat qoidalari haqida; islomga oid manbalarda, xususan, “Fatovoi Qozixon”da ayollar huquqlari; zamonaviy islom mamlakatlarida ayollar huquqlarining Konstitutsiyaviy kafolatlariga bag‘ishlangan maʼruzalar eshitildi. Kun mavzusi yuzasidan bahs-munozaralarga o‘rin berildi. Mamlakatimizda gender tenglik masalasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, milliy qonunchilikdagi ayollar huquqlarining huquqiy asoslariga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, kun doirasida badiiy ijod vakillari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoira G.Jumayeva, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari ishtirokida tayyorlangan musiqiy dastur davraga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Anjuman yakunida yosh olimlar uchun “Ilmiy-tadqiqotlar olib borishning innovatsion usullari” mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Unda ilmiy-tadqiqotlarga yo‘l: mavzu tanlash, manbalar bilan ishlash, tadqiqotni amalga oshirish, ilmiy maqola yozish va uni chop etish, xususan, xorijiy jurnallarda chop etish, ilmiy startap loyihalar yaratish va yutib olishning samarali yo‘llari xususida so‘z yuritildi.