Fanlar akademiyasi 袗bu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Baxtiyar Babadjanov muallifligida Venada “协锌懈谐褉邪褎懈褔械褋泻懈械 锌邪屑褟褌薪懈泻懈 啸芯褉械蟹屑邪” nomli monografiyaning 1-jildi nashr etildi.
Ushbu kitobda Xorazmdagi arxitektura yodgorliklarida arab, fors va o始zbek tillarida bitilgan epigrafik yozuvlarning tarjima va tadqiqi berilgan. Mazkur bitiklarning turli tarixiy davrlardagi ijtimoiy va diniy hayotning in始ikosi ekanligi ko始rsatib berilgan. Kitob fotosuratlar bilan ta始minlangan.
Kitobning birinchi jildida ilk bor Xiva shahri va atroflaridagi me始moriy obidalar, qabrtoshlar va boshqa buyumlardagi arab, fors va o始zbek tillaridagi bitiklar (epigrafika) to始la o始qilib, tarjima etilib, barcha obidalar haqidagi ma始lumotlar qo始yozma manbalar asosida keng sharhlar bilan boyitilgan. Xronologik qamrovi: XI–XX asr boshlari. Monografiyada obidalar va ulardagi bitiklar tarixlarining har tomonlama tahlili ilk bor amalga oshirildi. Xususan, quruvchi-donatorlarning ijtimoiy, diniy va siyosiy motivatsiyalari, epigrafik matnlarning semantik xususiyatlari, epigrafika ijtimoiy proklamatsiya sifatida, obidalar va ularning epigrafikasining autentik “tarixiy maydonda” (landshaftda) tutgan o始rni, shuningdek, bitiklar “qadimgi shahar ijtimoiy arxivi” sifatida, ularning ajdodlarimiz mafkurasidagi o始rni va shunga o始xshash masalalar ilk bor keng ravishda tahlil etildi.
Kitob 袗vstriya akademiyasining Eronshunoslik institutida (Institut Für Iranistik) amalga oshirilgan “Xorazm tarixi: arxivlar orqali kuzatishlar” loyihasi doirasida chop etildi.