Madaniylashtirilgan istiqbolli o始simliklardan tukli erva, dorivor tirnoqgul, Turkiston arslonquyrug始i, dag始al dalachoy va kiyik o始ti kabi dorivor o始simliklar Xorazm Ma始mun akademiyasi eksperimental bazasi sharoitida ekilib, ularning morfo-fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari o始rganildi va ular asosida yangi biologik faol qo始shimchalar ishlab chiqildi.

O始tkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida 3 ta turdagi dori preparatlarining namuna variantlari (“Xiva” balzami, “Ma始munshox” va “Tuz va tosh haydovchi” fitochoylari) ishlab chiqildi. Ushbu dori vositalari profilaktik preparat sifatida tavsiya qilinib, o始zining tarkibida Xorazm Ma始mun akademiyasining dorivor o始simliklar bog始ida yetishtirilgan 20 ga yaqin dorivor o始simliklar saqlaydi.

Ushbu balzam va fitochoylar asosan organizmni umumiy tetiklashtiruvchi, tinchlantiruvchi hamda organizmni turli zo始riqish holatlarga nisbatan chidamliligini oshiruvchi va immun tizimini mustahkamlovchi, oshqozon-ichak ish faoliyatlarini yaxshilovchi qo始shimcha oziqa sifatida tavsiya qilinadi. Organizmda moddalar almashuvini, shuningdek, oshqozon, ichak, jigarning ish faoliyatini yaxshilash xususiyatlariga ega.