Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorliklarining texnik holatlari boʼyicha elektron maʼlumotlar bazasida Xiva tarixiy meʼmoriy obidalari va ularning texnik holatlariga oid ilmiy asoslangan maʼlumotlar keltirilgan.
Maʼlumotlar bazasi “Ichan-Qalʼa” va “Deshon-Qalʼa” hududida joylashgan tarixiy meʼmoriy yodgorliklarning texnik holatini oʼrganishga doir kompleks ilmiy tadqiqotlar asosida tayyorlangan. Elektron maʼlumotlar bazasidan YuNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʼyxatiga kiritilgan “Ichan Qalʼa boshqaruv rejalarini ishlab chiqish harakat rejasi” xalqaro loyihasini bajarishda va Xiva tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarni taʼmirlash ishlarida amalda keng foydalanilgan.
Katalog tarzida tayyorlangan elektron maʼlumotlar bazasida ilk bora Xivadagi jami - 94 ta tarixiy meʼmoriy yodgorliklarning fotosuratlari, texnik holatlari, qurilmalari va ularning tarixi bilan bogʼliq yangi maʼlumotlar keltirilgan.