Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Xalqaro ilmiy hamkorlik: O’mon sultonligi matematiklari bilan differentsial tenglamalar sohasidagi qo‘shma ilmiy tadqiqotlar


O’zR FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida O‘mon sultonligidagi Sulton Qabus universiteti professorlari tashrif buyurdi. Professor Sebti Kerbal va Hamed Al-Shamsi Institutning “Differentsial tenglamalar va ularning tatbiqlari” ilmiy laboratoriyasi ilmiy xodimlari Erkinjon Karimov va Baxtiyor Qodirqulovlar bilan olib borayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida taklif qilingan edilar. Mehmonlar Institut faoliyati bilan yaqindan tanishib, yaratilgan imkoniyatlar, olib borilayotgan tadqiqotlar mazmuni bilan tanishdilar.  “Differentsial tenglamalar va ularning tatbiqlari” ilmiy laboratoriyasining doimiy seminarida ishtirok etdilar.

Bundan tashqari, mehmonlar Institut direktori, akademik Sh.A.Ayupov, ilmiy laboratoriya boshlig‘i akademik A.Azamovlar bilan kelgusi hamkorlik borasida ham suhbatlashdilar.

Aralash tipdagi differentsial tenglamalar uchun lokal va nolokal chegaraviy masalalar yo‘nalishidagi mavjud hamkorlikni yangi bosqichga chiqarish, xususan, amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yishga oid muzokaralar olib borildi. O‘mon sultonligi ham O‘zbekiston uchun ham dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan yer osti suvlari harakatlarining matematik modellashtirishga zarur bo‘lgan fundamental natijalarni tahlildan o‘tkazish, tabiiy jarayonni aniqroq ifodalovchi modellar ustida ishlashga kelishib olindi. Kelgusida Islom hamkorlik tashkiloti va shunga o‘xshash ikki mamlakat ham a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda ishtirok etish rejalari ham tuzildi.

Ilmiy kadrlar tayyorlashda O’ZR FA V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti salohiyatidan unumli foydalanish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi. Bu borada har ikki tomonda ham mavjud imkoniyatlardan foydalanish borasida kelishib olindi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!