2025-yil 18-24-avgust kunlari arxeologiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maksudov Qozog‘iston Respublikasida A.X.Margulan nomidagi arxeologiya instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi va Madaniy meros agentligi Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan “Qadimiy sivilizatsiyalar izidan: Qozog‘iston va O‘zbekiston arxeologiyasi” nomli xalqaro dala seminarida ishtirok etdi.
Seminarning maqsadi – mintaqa moddiy va nomoddiy merosini chuqur o‘rganish, shuningdek, ko‘ptarmoqli yondashuvlar doirasida Markaziy Osiyo arxeologiyasini tadqiq etishning yangi yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat. Shuningdek tabiiy va gumanitar fanlar, jumladan, arxeologiya, me’moriy tarix, arxeobotanika, geoarxeologiya, bioarxeologiya, epigrafika va raqamli texnologiyalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratiladi.
Seminarning asosiy yo‘nalishi Markaziy Osiyoning ko‘p ming yillik tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan Qozog‘iston va O‘zbekistonning asosiy arxeologik yodgorliklarini qamrab oladi.
Shu jihatdan safar doirasida F. Maksudov Chimkent, Turkiston va Qizilorda viloyatlarida joylashgan qator arxeologik yodgorliklar – Chimqal’a, O‘tror, Sauran, Sig‘anoq, Yangikent (Jankent), Chirik-Rabot va va Yeti-Osor (Jeti-Osor) madaniy meros obyektlari bilan tanishdi. Shuningdek, u xalqaro ekspertlar bilan birgalikda ilmiy muloqotlarda ishtirok etib, Markaziy Osiyoda urbanizatsiya jarayonlari, madaniy aloqalar va sivilizatsiyalar rivoji haqida fikr almashdi.
F. Maksudovning xizmat safari ikki qardosh mamlakat olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, arxeologik tadqiqotlarda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va yosh tadqiqotchilar uchun qo‘shma ilmiy dasturlarni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘ldi.
Xalqaro dala seminarining 2025-yil 24-31-avgust kunlariga mo‘ljallangan ikkinchi qismi O‘zbekiston hududidagi turli davrlaga oid Axsikent, Qanqa, Afrosiyob, Kofirqal’a, Raboti Malik, Poykent va shu kabi muhim yodgorliklarga tashrif bilan davom etadi.
Ushbu dala seminari nafaqat tajriba almashuv maydoni sifatida, balki zamonaviy usullar va xalqaro hamkorlik ruhi asosida o‘tmish haqidagi turli ma’lumotlarni uyg‘unlashtirishga qodir yangi avlod tadqiqotchilarini shakllantirish yo‘lidagi qadam sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.