袗srlardan sado berib bizgacha yetib kelgan, o始zligimiz, qiyofamiz, milliy qadriyatimizni o始zida aks ettiruvchi xalq og始zaki ijodi namunalari insonni ma始naviy yetuklikka, olamni tafakkur ko始zi bilan ko始rishga undovchi muhim vositadir.
Ma始lumki, xalq og始zaki ijodining turfa janrlari – alla, ertak, topishmoq, doston, maqol va naqllarimiz kuchli tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shu bilan birga erkin fikrlashga, go始zal xulqni shakllantirishga va nutq ravonligini oshirishga xizmat qiladi.
O始zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O始zbek tili, adabiyoti va folklori instituti “Folklor” bo始limi tomonidan “O始zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildlik majmuaning navbatdagi 16-17-18-jildlari nashrdan chiqdi. Hozirgi kunda 19-20 jildlari nashrdan chiqish arafasida.

Ushbu nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qo始shiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, marsiya, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, og始zaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlarni o始z ichiga oladi.
Ushbu muhtasham jamlanmaga o始zbek folkloriga oid rang-barang janrlardan iborat eng sara namunalar kiritiladi. 袗srlarni dog始da qoldirgan boy madaniy merosimizning yozma shaklini kelajak avlodga yetkazish ma始suliyati ostida bugungi kunda O始zR F袗 O始zbek tili, adabiyoti va folklori instituti “Folklor” bo始limi ilmiy xodimlari izchil ish olib bormoqda.
Umid qilamizki, ko始plab ustoz olimlarning mehnati singayotgan, o始zbek fol褜klorshunosligi tarixida ilk bor nashrga tayyorlanayotgan ushbu 100 jildlik nashr keng kitobxonlar ommasiga manzur bo始ladi. Va yana ming asrlar davomida kelajak avlod tarixiy qadriyatlarimiz, o始lmas ma始naviyatimiz haqida to始la tasavvur va bilimga ega bo始lishiga muhim manba bo始lib xizmat qiladi.