Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ustyurt platosining Sharqiy chinki va Orol dengizining qurigan tubida dala tadqiqotlari o’tkazildi


OʻzR FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi “Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻsimliklar qoplami va yaylov resurslarining zamonaviy holatini baholash” mavzusidagi dasturi va shu bilan bir vaqtda, Oʻzbekiston botaniklari jamiyati tomonidan bajarilayotgan “Orol dengizining qurigan tubi oʻsimlik qoplamini chuqur tadqiq etish asosida hudud florasining zamonaviy roʻyxatini shakllantirish, raqamli ma’lumotlar bazasi va genofond kolleksiyalarini yaratish” loyihasida belgilab qoʻyilgan rejadagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun Qoraqalpogʻiston Ustyurtining sharqiy chinki va Orol dengizining qurigan tubi hududlariga hamkorlikdagi qoʻshma dala safarini amalga oshirdi.

 

Dala tadqiqotlari davomida Sharqiy chinkning kalit hududlarda 51 ta, Orol dengizining qurigan tubi hududlarida 26 ta geobotanik qaydnomalar toʻldirildi. Tadqiqot hududining floristik va fitosenotik xilma-xilligi oʻrganildi, yaylov xillarining kuzgi yer usti hosildorligi aniqlandi. Sharqiy chinkdagi yaylov xillarining joylashgan joyi, suv bilan ta'minlangani, tuproq qatlami xususiyati, loyiha boʻyicha qoplanish darajalari, oʻsimliklarning landshaft turlari, ularning joylashuvi, zichligi, zaharli va begona oʻsimliklarning mavjudligi, ozuqa massasining hosildorligi, yaylovlarning payhonlanish darajasi kabi ma’lumotlar asosida birlamchi dala-kadastr ma’lumotlari  toʻplandi.

 

“Moʻynoq” tajriba uchastkasidagi maydonga kolleksiya qilish uchun Fritillaria karelini turidan piyozi va urugʻi, Astragalus amarus urugʻlari yigʻilib tajriba maydoniga ekildi.  Lazereva, Konstantin, Vojrojdeniya orollaridagi oʻsimliklar qoplami boʻyicha ma’lumotlar toʻplandi, noyob oʻsimlik jamoalar aniqlandi, geobotanik qaydnomalar toʻldirildi. Orol dengizi qurigan tubini toʻr tizimli xaritalash uchun gerbariy materiallari yigʻildi.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!