Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ustyurt platosining o’simliklar olami o’rganildi


Ustyurt platosi Orol va Kaspiy dengizlari orasida joylashgan bo‘lib Markaziy Osiyoning g‘arbiy qismidagi o‘ziga xos o‘simliklar qoplamiga ega bo‘lgan botanik-geografik rayon hisoblanadi. Uning umumiy maydoni 20 million gektarni tashkil etadi. Ustyurt platosi hududining taxminan 35 % (7 million gektar) O‘zbekiston Respublikasi (Qoraqalpog‘iston Ustyurti) hududida joylashgan. Ustyurt platosi ikki xil tabiiy zonalar - shimoliy va janubiy cho‘llarning tutashgan qismida joylashgan bo‘lib, o‘ziga xos tabiiy sharoitlar, landshaftlar, o‘simliklar qoplami bilan xarakterlanadi. Hududda tarqalgan o‘simliklar jamoasi Shimoliy Ustyurt va Janubiy Ustyurt o‘simliklari qoplamiga bo‘lib o‘rganiladi.

 

O‘zR FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi xodimlarining Ustyurt platosiga navbatdagi ilmiy ekspeditsiyasi 2020-2024-yillarda “Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘simlik qoplami va yaylov resurslarining hozirgi holatini baholash” dasturi bo‘yicha dala tadqiqotlarini o’tkazish maqsadida tashkil etildi. Ekspeditsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasining Qo‘ng‘irot bo‘limi va Qoraqalpog‘iston davlat universiteti hamda Nukus davlat pedagogika instituti xodimlari ishtirokida amalga oshirildi.

 

Ilmiy ekspeditsiya davomida Qoraqalpog‘iston Ustyurtining  shimoliy qismi va Sharqiy chinkdagi yaylovlarning holati quyidagi geografik punktlarda o‘rganildi: Karaumbet, Urga, Adjibay, Akbulak, Ulkentumsuk, Kabanbay, Karakuduk, Korganshakala, Kassarma, Djedibulak, Duana, Risbay, Churuk, Beleuli, Kosbulak, Kartpaykum, Barsakelmes. Shu bilan birga yaylov xillari kadastrini ishlab chiqish uchun tegishli maʼlumotlar olindi, yaylov xillarining mavsumiy hosildorligi aniqlandi, Sharqiy chinkning yirik masshtabli yaylov xaritasini tuzish uchun korrektirovka maʼlumotlari yigʼildi, hududdagi Oʼzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan turlarning hozirgi holati o‘rganildi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!