O'zR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, Jahon tillari universiteti, O'zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda Ubaydiyning “Hikmatlar”i “Movarounnahr” nashriyotida Muhammad Hamzaxon Abdullayev va Jamoliddin Abdullayev tahriri ostida nashr etildi.
XV-XVI asrlarda Buxoro adabiy muhitida shoh va shoir sifatida e'tirof etilgan Ubaydiy adabiy merosida hikmatlardan bo'lak g'azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, muammo, noma janrlari o'rin olgan. Shoirning “Vafo qilsang” to'plami 1994-yilda nashr etilgan bo'lsa-da, u ijodiy salohiyati to'la o'rganilmagan ijodkorlar safida edi.
Yangi to'plam – “Hikmatlar” da 1786 baytdan iborat 235 dan ziyod hikmat, diniy-tasavvufiy, axloqiy-didaktik ruhdagi “Salavotnoma”, “Sabrnoma”, “Zavqnoma”, “G'ayratnoma” kabi noma janri rivojida ahamiyatli bo'lgan she'rlar, tarjeband, masnaviy, ruboiy, matla'lar o'rin olgan.
Hikmatlar majmuasi Turkiyaning “Nuri Usmoniya” kutubxonasida saqlanayotgan devon asosida tayyorlangan.