Toshkent Botanika bog‘ida na’matak (atirgullarning yovvoyi ajdodi) larning noyob va rang-barang navlarini o‘z ichiga olgan yangi kolleksiya tashkil qilinmoqda.
Hozirda Botanika bog‘ining markaziy qismidan ajratilgan maydonga 10 000 tupga yaqin na'matak ekilmoqda. Bu loyiha bog‘ning estetik qiyofasini yanada boyitish bilan birga, tashrif buyuruvchilarga go‘zal tabiat manzaralari va xushbo‘y gullardan zavqlanish imkoniyatini beradi.
Na'matak kolleksiyasidan nafaqat ko‘rkamlik maqsadida, balki O‘zbekistondagi na'matak navlarini kolleksiyalash, ularni saqlash va ko‘paytirish, shuningdek, tijorat maqsadlarida ham foydalanish mumkin.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “daraxt ekish”, “manzarali o‘simliklar ekish” tadbirlari Navro‘z bayrami arafasida Botanika instituti va Botanika bog‘ining barcha hududlarida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bayram arafasida ob-havoning qulay kelganidan foydalanib hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, hashar o‘tkazish, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash, yerni ekishga tayyorlash, dov-daraxtlarni butash kabi ishlar jadal sur’atlar bilan boshlab yuborilgan.
Toshkent Botanika bog‘idagi “Na'matak kolleksiyasi” ham ushbu keng ko‘lamli loyihalarning bir qismi sifatida yaratilmoqda. Bu loyiha orqali Navro‘z bayramining ramziy ma’nolari va tabiatni muhofaza qilish tamoyillari ham targ‘ib etilmoqda.
Toshkent Botanika bog‘iga tashrif buyurib, toza havodan, o‘simliklarning rang-barangligi va xushbo‘y hididan bahramand bo‘ling!