Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

"Temuriylar davri madaniyati rassomlar ijodida" nomli ko‘rgazma ochildi


Buyuk Sohibqiron Amir Temur nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan davlat arbobi, shavkatli sarkarda va ilm-fan homiysidir. Amir Temur va Temuriylar davri davlatchiligi hamda ma’naviyati o‘z salohiyati, mazmuni, tarbiyaviy kuchi, ta’siri bilan xalqimiz tarixida alohida o‘rin tutadi.

Amir Temur va Temuriylar davrida iqtisodiyot rivojlangani, ilm-fan, san’at-madaniyat gullab-yashnagani bois chinakamiga insoniyat tamaddunidagi ikkinchi Renessans deb baholandi. Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati ravnaqi o‘z davrida, undan keyingi davrda va albatta hozirgi kunda ham rassomlar ijodida namoyon bo‘lib kelmoqda.

Xususan, Amir Temur va Temuriylar davri tasviriy san’ati devoriy monumental rassomlik, devoriy suratlar va miniatyuralarda o‘z aksini topdi. Ayniqsa miniatyura san’atining rivojlanishi va miniatyuralarda Temuriylar davri madaniyatining aks ettirilishi katta ahamiyatga egadir.

Miniatyura san’ati an’analari usul va uslublarini saqlab qolgan holda hozirgi zamon ijodkorlari tomonidan yaratilgan asarlarda ifodalangan tasvirlar, o‘sha davrning tarixiy voqealari, madaniy hayoti haqida to‘laqonli tasavvur hosil bo‘lishiga zamin yaratadi.

O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada yosh miniatyurachi rassomlarning ijod namunalari o‘rin olgan.

 

 

Bu asarlar Temuriylar davrida iqtisodiyot, ilm-fan, san’at-madaniyat ravnaqini o‘zida aks ettirish bilan bir qatorda, tomoshabinlarda mumtoz miniatyura tarixi hamda tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishni ham shakllantiradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!