Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Tegin” unvonli G'arbiy Turkiston hukmdorlarining kelib chiqishi kimlardan edi?


VII–VIII asrlarda Amudaryo – Sirdaryo oralig'i va unga tutash o'lkalardan Choch, Farg'ona, To'xoriston va Kobul vodiysida qadimgi turkcha “tegin” unvonli sulolalar boshqaruvda bo'ladi. Ularning kelib chiqishi 552-744-yillarda hukm surgan Buyuk Turk xoqonligining kunbotardagi qanoti – G'arbiy Turk xoqonligi (568-740) bilan bog'lanadi. Turli yillarda boshqaruv tepasiga kelgan bu sulolalarning quyidagicha unvonlarga ega bo'lganini xitoy, baqtriy, pahlaviy, arab, va hind tillaridagi yozma manbalar va numizmatik topilmalar ko'rsatib turibdi:

- Choch Teginlari sulolasi (605-750) 605-yilda, kelib chiqishi G'arbiy Turk xoqonligining Ashina sulolasidan bo'lgan Tegin Tyanchji tomonidan quriladi. VII–VIII asrlarda Choch vohasida sug'diy yozuvda “Choch hukmdori Tegin” unvonli tangalar bostirilishi, 750-yillarda Shi-go van Tele “Choch hukmdori Tegin” unvonli Choch boshqaruvchisining Xitoyga elchi yuborgani ushbu sulola deyarli 150 yil Chochda bosh sulola bo'lganini ko'rsatadi;

- G'arbiy Turk xoqonligi shahzodalaridan biri 630-yillarda Farg'ona vodiysi boshqaruvini qo'lga kiritgach, Ashina sulolasining bir tarmog'i boshqaruvi chamasi 810-yillargacha saqlanib qoladi. Ular “tegin” va “ixshid” unvonlariga ega edilar;

- “To'xoriston Yabg'ulari” deb ataladigan sulola o'z kelib chiqishi G'arbiy turk xoqoni To'n yabg'u-xoqon (619-630) bilan bog'lanadi. Ushbu sulola 620-750-yillarda boshqaruvda bo'lib, “yabg'u” bosh unvon, “tegin” esa shahzodalar tomonidan qo'llanilgan unvonlar edi.

- Kobul vodiysini 640-843-yillarda “Kobuliston Tegin-Shohiylari” deb atalgan sulola boshqarib, ular ham o'z kelib chishiga ko'ra Tun yabg'u-xoqonga borib taqaladi. Bu sulola tomonidan bostirilgan hind, baqtriy va pahlaviycha yozuvli tangalarda “tegin” unvoni o'rin olgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!