Yaqinda Rossiyaning NTV telekanli orqali efirga uzatilgan intervyu, mamlakatimiz olim va ziyolilari, umuman barcha aholimizda katta noroziliklarga sabab boʻldi. Eslatib oʻtamiz, rossiyalik tarixchi Mixail Smolinning oʻzbeklar, qozoqlar va ozarbayjonlar millat sifatida 1917-yilga qadar mavjud boʻlmagan, inqilobdan keyingina ular SSSR nomi bilan paydo boʻlgan, degan gʻayriilmiy safsatani oʻrtaga tashladi.
Tarix fanlari nomzodi, publitsist va Rossiya yozuvchilar uyushmasining aʼzosi Mixail Smolinning ilmiy va ijtimoiy faoliyatiga nazar tashlasak, uning bunday fikrlariga nimalar sabab boʻlgani oʻz-oʻzidan tushunarli boʻlib qoladi. U konservativ fikrlovchi Rossiya imperiyasining tadqiqotchisi va ashaddiy muxlisi, barcha kitob va maqolalarini ushbu imperiyaning tarixi va “afzalliklar” bagʻishlab yozgan, uning izchil targʻibotchisi hisoblanadi. Achinarlisi, smolinlar va prilipinlar kabi shovinistlarga Rossiya media maydonida Rossiya imperiyasi hamda Sovetlar istibdodiga qaytishni qumsovchi “soxta tarixchi va siyosatchi”larga keng yoʻl ochib berilgan. Buning ustiga rossiyalik rasmiy masʼullar ham davlatlar orasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlariga rahna soluvchi bu kabi imperialistik va shovinistik chiqishlarga nisbatan “bu rossiya rahbariyatining emas, siyosatchining shaxsiy nuqtai nazari” yoki “bu tarixchining vijdoniga havola” qabilida ish tutmoqdalar.
Endi tarixchi M.Slominning eʼtiborini oʻzbeklar haqidagi ilmiy va tarixiy haqiqatlarga qaratamiz.
Oʻzida qarluq, qipchoq va oʻgʻuz shevasi vakillarini birlashtirgan oʻzbek xalqi nomi va millat sifatida mavjudligi juda qadimiy davrga borib taqaladi. Bir xalq tarix davomida turli nomlarda atalib kelishi bu tabiiy hol. Bu oʻrinda oʻzbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi jarayonida asosan turkiy etnoslar (2 ming yildan beri mavjud) koʻproq va faolroq rol oʻynaganligi taʼkidlash muhim. Milodning I asridan Kushon podsholigi davrida boshlab mintaqada turkiy elatlarning faol migratsiyasi ilk oʻrta asrlarga kelib turkiy etnik plastning yanada kengayishiga olib keldi.
Endi oʻzbek nomining yozma manbalarda tilga olinishiga kelsak u XIV asrga borib taqaladi. Bu nom oʻzi bilan birga oʻzbek adabiy tilining ham shakllanishiga xizmat koʻrsatdi. Adabiyotlarda “chigʻatoy tili” (aslida eski oʻzbek tili) deb nomlangan turkiy tillarning qarluq guruhiga mansub boʻlgan va mahalliy turkiy lahjalar negizida oʻzidan oldingi davrlarning adabiy-lingvistik anʼanalari taʼsiri ostida shakllangan til boʻlib, XIV asrning 2-yarmidan XIX asr oxirlarigacha mavjud boʻlgan yozma kitobiy til hisoblanadi. Oʻzining asarlarini turkiycha/oʻzbekcha yoki chigʻatoy tilida bitgan Haydar Xorazmiy, Lutfiy, Atoiylar shular jumlasidandir.
Xorazm hududi esa mumtoz chigʻatoy tili (eski oʻzbek tili) shakllangan va xorazm oʻzbekchasi yohud turkiychasi unga asos boʻlgan deb hisoblanadi. Hatto X asrda Oʻzbekistonning asosan Xorazm va qisman keyingi davrlarda Zarafshon vohasida yashagan oʻgʻuzlarning oʻzbek atamasi bilan bogʻliqligi haqida ham fikrlar mavjud. Movarounnahrga kelgan Oʻzbekxon va uning odamlari “oʻzbek” nomining asosiy tashuvchilari edilar. Qoraxoniylarning Amudaryo – Sirdaryo oraligʻi va unga qoʻshni hududlarni qoʻlga kiritib, Fargʻona vodiysi, Shosh (Toshkent), Taroz, Isfijob (Sayram) Samarqand, Buxoro kabi mintaqaning yirik ijtimoiy-siyosiy va etnomadaniy markazlarni qoʻlga kiritishi natijasida “xoqoniya turkchasi” Oʻrta Osiyoning yozma adabiy tiliga aylanadi. Bu lahjaning Xorazm vohasida ayrim oʻgʻuz va qipchoq elementlarini olib, “Xorazm turkiysi” nomini olishi va shu tariqa “chigʻatoy turkiysi”ga boshlanma berishi esa dastlab Qoraxoniylar, birmuncha keyin esa Xorazmshoh-Anushteginiylar davridagi tarixiy voqeliklar bilan bogʻliqdir. Oʻzbekiston va unga tutash hududlarda qurilgan – Oʻgʻuzlar, Qarluqlar davlatlari, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Gʻaznaviylar davlatlari davrida faol yuzaga chiqqan va boshqaruvni egallagan, shu bilan birga moʻgʻullar bilan birga yoki ulardan keyin kirib kelgan koʻp sonli turkiy urugʻlar XIII asrda azaldan turkiy oʻq ildizli Turon (2,5 ming yilliy nom) yoki Turkiston (milodning VII asrdan beri mavjud) aholisining titul nomiga aylana boshladi. XV asrda Alisher Navoiy gʻazallarida “Oʻzbegim boshida qalpoq, egnida shirdogʻi bas” yoki “Agar bir qavm, gar yuz, yoʻqsa mingdur, muayyan turk ulusi xud meningdur” misralari bejizga yozilmagan. XVII-XVIII asrlarda oʻzbek nomi Yevropada “Uzbekiya” nomi ostida berila boshlandi.
Bu – tarixiy haqiqat ! Ming afsuski, rossiyalik tarixchi olim va publitsist Mixail Smolin ushbu tarixiy haqiqatni anglashni xohlamay oʻzining gʻayri ilmiy safsatalari bilan oʻzbek, qozoq va ozarbajon halqlariga nisbatan tuhmat yogʻdirdi hamda tarixchi olim degan yuksak nomga dogʻ tushirdi.
Bahrom Abduhalimov,
OʻzR Fanlar akademiyasining vitse -prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor