Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Taniqli fan va davlat arbobi To‘xtapo‘lat Risqiyevning 80-yillik yubileyiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.


 

 

 

  

 

 

 

 

 

 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida fizika va yuqori haroratli materialshunoslik sohasidagi atoqli olim, texnika fanlari doktori, professor, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi To‘xtapo‘lat Risqiyevning 80-yillik yubileyi minosabati bilan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Fizika-texnika instituti direktori Husniddin Olimov olib bordi. To‘xtapo‘lat Risqiyev 1944- yil 3- noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1970-yilda Toshkent Davlat universitetini tamomlab, Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti huzuridagi aspiranturaga o‘qishga kirdi. 1975 yilda nomzodlik, 1993 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995 yilda Fanlar akademiyasining a‘zosi etib saylangan. Qariyib 45 yillik ilmiy faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri, ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Materialshunoslik institutida ilmiy kotib lavozimlarida ishlagan. Akademik To‘xtapo‘lat Risqiyev Fan va texnologiyalar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ishlagan. Atoqli olim va uning shogirdlari O‘zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanish va kompleks rivojlantirish masalalarini ilmiy jihatdan hal etishga katta hissa qo‘shdilar. Uning fizika va materialshunoslikning nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan maqolalari va ilmiy ishlaridan keng jamoatchilik xabardor. Uning ilmiy rahbarligida ko‘plab fan nomzodlari va doktorlari yetishib chiqdi.

         Fizika-texnika institutida bo‘lib o‘tgan xotira kechasida marhum akademik To‘xtapo‘lat Risqiyevning oila a’zolari, hamkasblari, shogirdlari, do‘stlari hamda Fizika-texnika va Materialshunoslik instituti xodimlari ishtirok etdilar. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademiklari Qodir G‘ulomov va Ramizulla Mo‘minov, O’zbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov, Materialshunoslik instituti laboratoriya mudiri Sulton Sulaymonov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasriddinxo‘jayev, texnika fanlari doktori Ilhom Pirmatov, professor Xabibulla Sobirovlar marhum akademik To‘xtapo‘lat Risqiyev haqlarida xotiralarini tadbir ishtirokchilariga bayon qilishdi. Akademik Sodiq Azimovning g‘oyasi va taklifi bilan Toshkent viloyatining Parkent tumanida noyob ilmiy ob’yekt-Katta Quyosh Sandonini loyihalash va barpo etishda akademik To‘xtapo‘lat Risqiyevning ishchi guruhi rahbari sifatida katta hissa qo‘shganligi haqida hamkasblari Qodir G‘ulomov, Sulton Sulaymonov va Ilhom Pirmatovlar aytib o‘tdilar. Shuningdek, so‘zga chiqqanlar akademik T. Risqiyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi elchi lavozimlarida mamlakatimizning ilm-fan, ta’lim hamda diplomatik sohalarini rivojlantirish uchun qilgan ulkan va sadoqatli xizmatlari to‘g‘risida so‘zlab berishdi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!